Endi amaliy harakatlar zarur
Toshkentda o‘zbek tilini bilmaydigan o‘zbeklar bor.
Ona tilim – oltin sandig‘im
Toshkentda o‘zbek tilini bilmaydigan o‘zbeklar bor. Ko‘p ota onalar o‘zi rus tilini bilmasa-da, farzandini rus maktablarida o‘qitmoqda. Natijada bolada ikkilanish paydo bo‘lyapti. Chunki u o‘rgangan, ko‘rib ulg‘ayayotgan qadriyatlari o‘zbekona. Lekin ongi rus tilida shakllanyapti. Bu holatda u bora-bora o‘zbek tilini unutishi hech gap emas. Agar mana shu oqimni hozir to‘xtatmasak, 50 yil desak, shoshilinch bo‘lar, lekin 100 yilda rus tilida gapiradigan o‘zbek avlodi shakllanishi tayin.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish“ demokratik partiyasining quyi palatadagi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov shunday fikrda.
Tan olish kerak, uning bu mulohazalarini inkor etib bo‘lmaydi. Bugun ona tilimiz bilan bog‘liq og‘riqli masalalar bor, hatto ko‘p desak ham xato bo‘lmaydi. Nima sababdan bunga yo‘l qo‘ydik? Bir inson aql-hushini tanib, mustaqil hayot yo‘lini topib ulgurishiga yetgulik 30 yil o‘zbek tili nufuzini oshirish, taraqqiy ettirish uchun kam edimi? Biz bu borada qaysi muhim vazifalarni amalga oshirmadik va amalga oshirmayapmiz?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatida davlat tilining o‘rni” mavzusida tashkil etilgan tadbirda shu kabi savollar atrofida mulohaza yuritildi.
Chet tillarini o‘rganish fazilat, ammo o‘z ona tilini pisand etmaslik kechirilmas illat. Xorijiy tillar ilm uchun, rivojlanish uchun nihoyatda muhim, lekin bu o‘z ona tilini bilmaslik evaziga bo‘lmasligi kerak. Tadbir ishtirokchilari ana shu fikrlarni alohida qayd etdi.
Pedagogika fanlari doktori, professor Xadicha Muhiddinovaning aytishicha, rus tilida ta’lim beruvchi maktablarda o‘quvchilarning o‘zbek tilini bilish darajasi pastligi rost. Biroq bu masalada o‘zbek tilidagi umumta’lim maktablari o‘quvchilarining ham salohiyati ko‘ngildagiday emas. Endi tasavvur qiling, o‘zbek bolasi ona tilini bilmasa, boshqa millatga mansub xalqimiz farzandlarining davlat tiliga munosabati qanday bo‘lishi mumkin?
Olima yana bir muhim masalaga ishtirokchilarning e’tiborini qaratdi:
– O‘zbek tili oliy ta’lim bosqichlarida faqat rus guruhlari va filologiya fakultetlaridagina o‘qitiladi. Natijada ta’lim jarayonida o‘zbek tilini o‘qitishda uzilish yuzaga kelgan. Aslida ona tilini o‘qitish, o‘rgatish va o‘rganish bog‘chadan tortib ta’limning barcha jarayonida birlamchi ahamiyat kasb etishi lozim.
Ona tilini bilish darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillardan biri imlo bilan bog‘liq. Muloqot davomida professor Zulxumor Xolmonova ayni shu fikrni bildirdi:
– Haligacha ikki xil – lotin va kirill yozuvidan foydalanamiz. Ulardagi imlo qoidalari har doim ham bir xil emas. Oqibatda hatto matbuot nashrlarida ham so‘zlar har xil, ba’zan noto‘g‘ri holda yozilyapti. Bu xalqimizni chalkashtirishi tabiiy. Shuning uchun ham bu ikki yozuvdan birini tanlashni kechiktirmaslik kerak. Qolaversa, imlo qoidalarini o‘zgartirish emas, yanada takomillashtirish lozim.
Filologiya fanlari doktori, professor Abdulxay Sobirov ta’kidlaganidek, jahondagi ilg‘or xalqlar o‘z tillari ustida jiddiy izlanishlar olib borib, tilshunoslikning yangidan-yangi yo‘nalishlarga asos solayotgan bir paytda biz hanuz ona tilimizning bugungi ahvoli haqida o‘ylashga majbur bo‘lyapmiz. Hozir tilshunoslikda kognitiv lingvistika, ekolingvistika, biolingvistika, korpus lingvistikasi, gender linvistikasi, internet-lingvistika, neyrolingvistika, mentalingvistika singari zamonaviy yo‘nalishlar paydo bo‘ldi va jadal rivojlanmoqda. Biz ham ona tilimizni ilmiy o‘rganishni chuqurlashtirib, uni dasturlash tilini yaratishimiz zarur.
Shu kabi tanqidlar, tahlillardan ayonki, o‘zbek tilining bugungi holati bo‘yicha muammolar ko‘p, kamchiliklar ham aniq bo‘y ko‘rsatib turibdi. Demak, endigi masala faqat amaliy yechim, qat’iy harakatga qaratilishi kerak.