Ellikqal’ada Abdulla Oripov byusti ochildi
FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida ayni paytda “Aqchako‘l ilhomlari” respublika ijodiy tanlovi o‘tkazilmoqda. Tanlov yosh shoirlar, yozuvchilar va rassomlar o‘rtasida tashkil etilib, ishtirokchilar Vatanga muhabbat, yurtimiz tabiati, boy tarixi hamda milliy qadriyatlarimizni she’riy, nasriy va tasviriy san’at orqali badiiy ifoda etmoqda.
She’riyat, nasr va tasviriy san’at yo‘nalishlari bo‘yicha Toshkent shahri, barcha viloyatlar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan jami 50 nafarga yaqin iqtidorli yosh qatnashayotir.
Tanlov ochilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid hamda yurtimizning taniqli shoir va yozuvchilari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida Ellikqal’a tumanidagi san’at saroyida O‘zbekiston she’riyatining eng yorqin namoyondalaridan biri, O‘zbekiston Xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Davlat madhiyasi muallifi va jamoat arbobi Abdulla Oripov byustining tantanali ochilishi o‘tkazildi.
[gallery-28631]
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi rahbari Sirojiddin Sayyid boshchiligida bir guruh ijodkorlar shoir haqida iliq xotiralarni yodga oldi. Shuningdek, san’at saroyida shoir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan badiiy adabiyotlar, rasmlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Tanlov tashkiliy guruhi a’zolari va mehmonlar Ellikqal’a pedagogika fakultetida O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf xotirasi bag‘ishlab tashkil qilingan muzeyni tomosha qildi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA