Elektron xizmat – qulay va ishonchli
Zamonaviy xizmat ko‘rsatishdan foydalanish samaradorligini oshirishda tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyalarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangani, elektron shaklda ma’lumot almashish uchun barcha sharoit yaratilgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotgani alohida ta’kidlandi.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 25-noyabrda qabul qilingan “Tadbirkorlik subyektlarini internet tarmog‘i orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mexanizmini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yangi tashkil etilayotgan kichik biznes subyektlarining elektron shaklda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilayotgani ham bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Buni Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Viloyat iqtisodiyot bosh boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili vohada 1 ming 916 yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilgan. Ularning mingdan ortig‘i o‘z faoliyatini mazkur hujjat asosida internet tarmog‘i orqali elektron usulda davlat ro‘yxatidan o‘tib boshlagan.
– Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va mavjud to‘siqlarni bartaraf etish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar chekka hududlarda ham odamlarning sohaga intilishini kuchaytirayotir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i To‘ra Bobolov. – Shu ma’noda, shahar va tumanlarda tadbirkorlik subyektlarini internet tarmog‘i orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish joriy etilib, ta’sis hujjatlarini masofadan turib interaktiv rasmiylashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilgani ayni muddao bo‘ldi. Elektron usulda davlat ro‘yxatidan o‘tish tartiblari va talab etiladigan hujjatlar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar www.my.gov.uz yagona interaktiv davlat xizmati portaliga kiritilgani e’tiborga sazovor.
Yagona interaktiv davlat xizmati portali orqali elektron usulda davlat ro‘yxatidan o‘tib, faoliyat boshlayotgan tadbirkorlar bu jarayonda qimmatli vaqti va mablag‘ini tejamoqda, o‘z g‘oyasini ro‘yobga chiqarish yo‘lida duch kelishi mumkin bo‘lgan to‘siqlardan holi bo‘lmoqda. Biznesini muvaffaqiyatli yuritishga ishonch tuyg‘usi mustahkamlanmoqda. Yaratilayotgan bu imkoniyat iqtisodiyotimizni yanada yuksaltirib, aholi bandligi va xalqimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qilayotir.
Ayni paytda viloyatda 11 ming 344 kichik biznes subyekti faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili ular tomonidan 1 trillion 422 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. 1 trillion 98 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. 957 milliard so‘mlik pulli xizmatlar ko‘rsatildi. Kichik biznes subyektlarining savdo aylanmasi 6 trillion 965 milliard so‘mni tashkil etdi. 37 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
Zamonaviy xizmat ko‘rsatishdan foydalanish samaradorligini oshirishda tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyalarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangani, elektron shaklda ma’lumot almashish uchun barcha sharoit yaratilgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Tadbirkorlik subyektlarini internet tarmog‘i orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qulay va tejamkorligi bilan ishbilarmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi, – deydi Boysun tumani hokimligi huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyasi rahbari Ilhom Mannonov. – Endilikda bo‘lajak tadbirkor uyidan turib, xususiy korxonasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ariza va boshqa hujjatlarning elektron nusxasini internet orqali bizga taqdim etmoqda. Hujjatlar tegishli tartibda ko‘rib chiqilgach, “O‘zinfokom” davlat unitar korxonasining www.id.uz saytidan olingan identifikatsion raqam asosida www.my.gov.uz yagona interaktiv davlat xizmati portalida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmoqda. Bu usul faqat yangi tashkil etilayotgan subyektlarni ro‘yxatga olish va elektron shaklda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini tezlashtiribgina qolmay, davlat organlari hamda tadbirkorlar, xususan, jamoatchilik bilan hamkorlik aloqalarini ham mustahkamlamoqda.
Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yili Boysun tumanida 127 tadbirkorlik subyekti zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ko‘magida hech qanday to‘siqsiz davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Termiz shahrida 117, Sariosiyo tumanida 105, Angorda 103, Muzrabotda 93, Uzun va Sho‘rchi tumanlarining har birida saksondan ziyod tadbirkorlik subyekti shunday usulda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Viloyatda xususiy sektor uchun yaratilgan bunday imkoniyatlardan samarali foydalanib, o‘z biznesini boshlayotgan tadbirkorlar safi kengayib bormoqda. 2015-yilning dastlabki oyida ellikdan ortiq yangi subyektning elektron usulda davlat ro‘yxatidan o‘tgani bunga yaqqol misoldir.
Joriy yilning dastlabki oyida Muzrabot tumani Yangiyer mahallasida istiqomat qiluvchi Xolmirza Qosimov o‘zi tashkil etayotgan fermer xo‘jaligining hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun tuman hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyasiga internet tarmog‘i orqali murojaat etdi. Hujjatlar bilan tanishib chiqqan mutaxassislar yangi xo‘jalikni tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, “Yangiyerbeshyog‘ochi” fermer xo‘jaligining guvohnomasi nusxasini internet orqali X.Qosimovning elektron pochtasiga jo‘natdi. Faoliyatini bunday oson va tez boshlashini fermerning o‘zi ham kutmagan edi. Hozir yangi xo‘jalikda besh kishi mehnat qilayotir. Bahorgi yumushlar boshlanishi bilan yana o‘nga yaqin ish o‘rni yaratiladi.
Bunday zamonaviy imkoniyatlar tadbirkorlikning izchil rivojlanishiga, shu orqali xalqimiz farovonligining yanada oshishiga xizmat qilmoqda.