Elektr energiyasida uzilish boʻlmaydi
Respublika ishchi guruhi tomonidan Fargʻona viloyatida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini oʻrganish ishlari davom etmoqda.
Respublika ishchi guruhi tomonidan Fargʻona viloyatida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini oʻrganish ishlari davom etmoqda.
Energetika vazirligining maxsus shtabi “Fargʻona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli temir-beton tayanchlar ishlab chiqarish sexida boʻldi.
Bu yerda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangidan qurish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlarini jadallashtirish hamda qurilish-montaj ishlarining tannarxini pasaytirish maqsadida ishlab chiqarish sexlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Energetika vazirligi axborot xizmati xabariga koʻra, mazkur sexda 18 ta qoʻshimcha ish oʻrni yaratilgan boʻlib bugungi kunda bu yerda kuniga 30 dona temir-beton tayanchlar ishlab chiqarilmoqda. Sexning oylik ishlab chiqarish quvvati 840 dona, yillik ishlab chiqarish quvvati esa 10 ming 80 donani tashkil etadi.
Shuningdek, qoʻshimcha ravishda sexning ikkinchi navbatini ishga tushirish koʻzda tutilgan boʻlib, hozirda qurilish ishlari bajarilmoqda. Qoʻshimcha sex faoliyati yoʻlga qoʻyilgach yana 10 nafar yangi ish oʻrni yaratilib, ishlab chiqarish quvvatlari ikki barobarga ortadi hamda korxonaning temir-beton tayanchlarga boʻlgan yillik ehtiyoji qariyb 100 foizga qoplanadi.
“Fargʻona HETK” aksiyadorlik jamiyatida temir-beton tayanchlar ishlab chiqarishning yoʻlga qoʻyilishi bilan tayanchlarni oʻzaro mahkamlash va ularga simlarni osish uchun zarur boʻladigan har xil turdagi metall konstruksiyalar ishlab chiqarish zarurati yuzaga keldi. Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, jamiyat qoshida metall konstruksiyalar ishlab chiqarish sexi faoliyati ham tashkil etildi. Buning uchun kerakli asbob-uskuna va tokarlik dastgohlari oʻrnatilib, zarur xomashyo sotib olindi.
Ishchi guruh aʼzolari SIP armaturalari ishlab chiqarish sexi faoliyati bilan ham tanishdilar. Polimerlarni qayta ishlashga moʻljallangan zamonaviy 290 va 120 tonnalik gidravlik bosim bilan ishlovchi termoplast avtomatlar, xomashyoni quritib dastgohga yetkazib beruvchi uskuna (sushilka), 7 xil turdagi temir qolip, mahsulotlar qoldigʻini qayta ishlash uchun drobilka va boshqa zarur uskunalar keltirib oʻrnatilgach, sex toʻla quvvat bilan ishlay boshlagan edi.
Hozirgi kunda ishlab chiqarish sexida 6 xil turda SIP armaturalari ishlab chiqarilmoqda. Sex faoliyatini yana-da kengaytirish va mahsulotning qolgan turlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha ishlar davom etmoqda.
Shuningdek, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash boʻlimi faoliyati bilan tanishildi. Maʼlumki, belgilangan dasturlar ijrosini taʼminlashda loyiha-smeta hujjatlarining oʻz vaqtida bajarilishiga erishish, loyiha-smeta hujjatlari uchun sarflanayotgan xarajatlar miqdorini qisqartirish orqali korxonaning iqtisodiy barqarorligini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda “Fargʻona HETK” aksiyadorlik jamiyati tarkibida 10 kishidan iborat loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash boʻlimi tashkil etilgan boʻlib, hozirda oʻz faoliyatini yuqoridagi vazifalar ijrosiga qaratgan.
Sohada amalga oshirilayotgan bu kabi istiqbolli loyihalar pirovardida isteʼmolchilarga sifatli va barqaror elektr energiyasi yetkazib berish hamda mavjud elektr uzatish tarmoqlarini yangilashga qaratilgan.