Elektr energiyasi ishlab chiqarishda barqaror o‘sish kuzatilmoqda
Mamlakatimizda energetika sohasida barqarorlikni ta’minlash va aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning dastlabki choragi yakunlari sohadagi o‘sish dinamikasi va amaliy islohotlar samarasini yana bir bor namoyon etdi.
Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-mart oylarida respublikada elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli darajada ko‘paygan. Xususan, hisobot davrida mamlakat bo‘yicha jami 23 milliard 317 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga qaraganda 1 milliard 471 million kilovatt-soatga ortiq bo‘lib, o‘sish sur’ati 7 foizni tashkil etgan.
Iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlash ko‘rsatkichlari ham ijobiy dinamikani namoyon etmoqda. Joriy yilning birinchi choragida 20 milliard 163 million kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib berilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 262 million kilovatt-soatga yoki qariyb 101 foizga ko‘p demak.
Ta’kidlanishicha, sohada amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari, yangi generatsiya quvvatlarining ishga tushirilishi elektr ta’minoti barqarorligini mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda. Shu asosda vazirlik tomonidan aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini ishonchli energiya manbalari bilan ta’minlash ishlari izchil davom ettirilmoqda.
–Shu bilan birga, murojaatlar bilan ishlash tizimi ham takomillashtirilgan. Maxsus shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilib, kelib tushgan murojaatlarni qayta ko‘rib chiqish ishlari hududlar kesimida tashkil etildi. 2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 16-martga qadar qabul qilingan 33 mingdan ortiq murojaatning katta qismi o‘rganilib, ularning sezilarli qismi ijobiy hal etildi. Natijada ijobiy yechim topgan murojaatlar soni 16 mingdan ziyodni tashkil etib, umumiy ko‘rsatkich qariyb yarmiga yetdi.
Aholi bilan muloqotni kuchaytirish maqsadida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali tushuntirish ishlari kengaytirilmoqda. Shuningdek, sayyor qabullar, call-markazlar va dispetcherlik xizmatlari samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy choralar ko‘rilmoqda, – dedi vazirlik axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimova.
Qayd etish joizki, energetika sohasida olib borilayotgan tizimli ishlar nafaqat ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki xizmatlar sifatini yaxshilash va aholi ehtiyojlarini to‘liq qondirishga xizmat qilmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA