Elektr energiya ta’minotida muammo bo‘lmaydi
Qish eshik qoqib, sovuq kunlar boshlandi. Mamlakatimiz janubidagi issiq voha – Surxondaryodagi tog‘lar va tog‘ etaklaridagi tuman-u, qishloqlar ham oppoq qorga burkandi. Termiz shahrida qor yog‘magan bo‘lsa ham sovuq shamol etni junjiktiradi. O‘tgan yilgi mavsumda energiya ta’minotidagi uzilishlar haqida postlar qo‘yib, ijtimoiy tarmoqlarni “obod” qilgan surxonliklar ham hozircha jim.
Qishli-qirovli faslning ilk kunida Surxondaryo viloyati hokimining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi –matbuot kotibi Murodbek Davlatov bilan o‘tgan yilgi sovuq kunlarni eslab, bir pas suhbatlashdik. Gurung orasida Murodbek Davlatov “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Surxondaryo hududiy filialining qish faslida aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obektlarini barqaror energiya bilan ta’minlash bo‘yicha shu yil amalga oshirgan ishlari haqidagi ma’lumotni qo‘limga tutqazdi.
– Raqamlarga e’tibor bersangiz elektriklarimiz o‘tgan yilgi kamchiliklaridan to‘g‘ri xulosa chiqargan ko‘rinadi, – deydi M.Davlatov. – Bu yilgi sovuq kunlarda nasib bo‘lsa, o‘tgan yildagidek salbiy fikrlar bo‘lmaydi. Viloyat rahbari ham bu masalaning so‘rovini qattiq ushlagan. Shuningdek, yangi transformator, qo‘shimcha ustun va barcha turdagi ehtiyot qismlar bilan ta’minlanishiga ham ko‘maklashmoqda. Sohada yaxshi o‘zgarishlar bo‘ldi, ustoz. To‘g‘ri, hali ham ayrim hududlarda kamchiliklar bo‘lishi mumkin. Ish shunday davom etsa, bu nuqsonlar ham bartaraf etiladi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Surxondaryo hududiy filiali ma’lumotlariga ko‘ra, vohada aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlarining elektr ta’minotini yanada yaxshilash uchun 360 ta transformator punkti o‘rnatilib, 645 kilometrdan ortiq havo elektr tarmoqlari yangilandi. Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 39 ta transformator o‘rnatilib, 177,7 kilometr elektr uzatish tarmog‘i tortildi. Vazirlar Mahkamasining “Mahallalarda infratuzilmani yaxshilash orqali aholiga qulay sharoitlar yaratish va tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori doirasida 41 ta transformator punkti o‘rnatilib, 133,7 kilometr elektr tarmog‘i yangilandi. “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari dasturi doirasida 14 ta transformator o‘rnatilib, 7,8 kilometr havo tarmog‘i, maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini tashkil etish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga muvofiq 14 ta transformator, 27 kilometr havo tarmog‘i tortildi.
Joriy yil 17 iyunda Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining qarori bilan “Mahallalarda birinchi navbatda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlangan. Unda hududlar infratuzilmasini yaxshilash uchun 240 ta transformatorni yangilash, 366,8 kilometr elektr tarmoqlarini yangidan tortish rejalashtirilgan. Dastur doirasida hozirgacha 237 ta transformator punkti o‘rnatilib, 222,9 kilometr elektr tarmoqlari yangilandi. Viloyatda eskirgan transformator va havo tarmoqlari yangilanayotgani izg‘irinli kunlarda kutilmagan avariyalar sodir etilishining oldini oladi, albatta. Biroq, qishli-qirovli kunlarda favqulodda avariyalar bo‘lmasligiga ham hech kim kafolat bermaydi. Shu bois kutilmaganda yuz berishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlarni bartaraf etishga qanday hozirlik ko‘rildi?
Bu masalaning yechimini topish uchun viloyat elektriklari mavsumda sodir etilishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlarning oldini olish, avariyalarni tezkor bartaraf etish uchun hududlarda 89 ta maxsus brigada tashkil etib, ularga 447 nafar tajribali xodimni biriktirgan. 47 ta maxsus va yordamchi transport ajratilgan. Shuningdek, 101 ta tarmoq transformatori, 20 tonna transformator moyi, 150 ta temir-beton ustun va 7,6 tonna sim hamda 7 ming 569 dona boshqa ehtiyot qismlar zaxirasi yaratilgan. Janubdagi vohada qishning qirovli kunlari endi boshlanmoqda. Nurchilarning yil bo‘yi mavsumga ko‘rgan tayyorgarligi va izg‘irinli kunlarda avariyalar yuz bersa, uni tezkor bartaraf etadigan brigadalar mahoratiga bahoni iste’molchilar beradi.
Shu kunlarda viloyat energetiklari elektr energiyasidan tejab foydalanish, energiya xavfsizligiga qat’iy amal qilish yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlarini ham olib bormoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri