Eldor Aripov: O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘tmishda to‘planib qolgan masalalarni hal etishdan kelajakni birgalikda shakllantirish bosqichiga o‘tdi
Qirg‘iziston poytaxtida «O‘zbekiston va Qirg‘iziston: strategik sheriklik va uni yanada rivojlantirish istiqbollari» mavzusida O‘zbekiston–Qirg‘iziston ekspertlar kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Qirg‘iziston poytaxtida «O‘zbekiston va Qirg‘iziston: strategik sheriklik va uni yanada rivojlantirish istiqbollari» mavzusida O‘zbekiston–Qirg‘iziston ekspertlar kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda yetakchi tahlil markazlari rahbarlari va vakillari, tegishli idoralar hamda ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat O‘zbekiston Respublikasining nufuzli delegatsiyasi ishtirok etdi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov bugungi kunda O‘zbekiston–Qirg‘iziston munosabatlarida yuz berayotgan sifat jihatidan tub o‘zgarishlarni qayd etdi. U ikki mamlakat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli ikki tomonlama kun tartibidagi barcha prinsipial va murakkab masalalar muvaffaqiyatli hal etilganiga alohida e’tibor qaratdi. Ushbu tarixiy burilishning ahamiyatiga to‘xtalar ekan, Eldor Aripov: «Amalda, bir necha o‘n yilliklar ichida ilk bor O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘z sa’y-harakatlarini o‘tmishdan meros bo‘lib qolgan muammolarni bartaraf etishga emas, balki kelajakni birgalikda shakllantirishga yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘ldi», deya ta’kidladi.
Iqtisodiy yo‘nalishga alohida e’tibor qaratildi. Bundan o‘n yil avval o‘zaro savdo aylanmasi 100 million dollardan sal ko‘proqni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 1,2 milliard dollarga yaqinlashdi. Faqatgina o‘tgan yilning o‘zida savdo hajmi qariyb 40 foizga oshdi. Ushbu natijalarni yuqori baholagan SMTI direktori bugungi kunda tomonlar shunchaki savdo aylanmasini oshirishdan chuqur sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va qo‘shma ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yishga o‘tayotganini ta’kidladi.
Yirik infratuzilma tashabbuslarining ahamiyatiga to‘xtalgan SMTI direktori «Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston» temir yo‘li hamda «Qambarota GES-1» qurilishi strategik ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Uning fikricha, ushbu megaloyihalarning ko‘lami ikki tomonlama kun tartibi doirasidan ancha keng bo‘lib, «amalda Yevrosiyoning yangi iqtisodiy geografiyasini shakllantirish haqida so‘z bormoqda».
Transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish masalalariga to‘xtalgan Eldor Aripov: «So‘nggi yillar tajribasi yuqori va quyi oqimdagi davlatlar manfaatlarini an’anaviy tarzda bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish yondashuvi asta-sekin o‘z dolzarbligini yo‘qotayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda», deya ta’kidladi. Uning qayd etishicha, mazkur yondashuv o‘rnini tomonlar manfaatlarini o‘zaro hisobga olish hamda umumiy tabiiy resurslardan foydalanishda jamoaviy mas’uliyat tamoyillari egallamoqda.
So‘zining yakunida SMTI direktori ikki mamlakat fuqarolari o‘rtasidagi aloqalar misli ko‘rilmagan darajada faollashganini qayd etdi. Xususan, so‘nggi o‘n yil davomida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Qirg‘iziston fuqarolari soni yetti barobardan ziyod oshib, o‘tgan yili 3,3 million nafarga yetdi. Bu O‘zbekistonga kelgan xorijiy sayyohlar orasidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
Ekspertlar kengashi yakunlarini sarhisob qilar ekan, Eldor Aripov: «Bugun O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar shunday taraqqiyot bosqichiga yetdiki, endilikda hamkorligimizning muvaffaqiyati yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish qobiliyatiga emas, balki ochilayotgan imkoniyatlardan birgalikda samarali foydalanish mahoratiga bog‘liq», deya ta’kidladi.
O‘zA