Elchilar yoshlar bilan uchrashdi
Poytaxtimizdagi “Hilton” mehmonxonasida respublikamizning xorijiy mamlakatlardagi Favqulodda va muxtor elchilari yoshlar bilan muloqot qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktor Alisher Sa’dullayev, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Farxod Arziyev, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi mas’ullari, Senat a’zolari, O‘zbekiston yoshlari umumjaxon assotsiatsiyasi xodimlari, faol yoshlar ishtirok etdi.
Muloqot davomida “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da ustuvor vazifalarni amalga oshirishda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda yoshlarning xalqaro reytinglarda mamlakatimiz mavqeini oshirish, bu borada mamlakatimizda yoshlar siyosati yo‘nalishida olib borilayotgan islohotlarni xalqaro jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha berilgan takliflari qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, xorijda ta’lim olayotgan hamda mehnat qilayotgan yosh vatandoshlarimiz bilan ishlash, ular bilan muntazam muloqot qilib borish, ularning taklif va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muxokama qilindi.
– Ushbu muloqotdan maqsad, ushbu yilning yoshlarga oid davlat siyosatini yuritishdagi ahamiyatini tushuntirish, shuningdek, yoshlar siyosati sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijda ta’lim olayotgan hamda mehnat qilayotgan yoshlar bilan olib borilayotgan ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yishdir, – dedi Yoshlar ishlari agentligi mas’ul xodimi Shoxruhmirzo Ozodov. – Tadbir davomida yuqoridagi dolzarb masalalar yuzasidan yoshlarning fikri tinglandi. Faol yoshlar tomonidan bildirilgan takliflarni tizimli va samarali amalga oshirish maqsadida ular bilan doimiy aloqa olib borishga kelishildi.

Gulnoza BOBOEVA, O‘zA