Elchi Navoiy g‘azalini o‘zbekchada o‘qidi
Poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 295-umumiy o‘rta ta’lim maktabida xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov hamda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum O‘zbekiston maktablari va oliy o‘quv yurtlarida dars berish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurgan 27 nafar amerikalik ingliz tili o‘qituvchisi bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mazkur tashrifning asosiy maqsadi, o‘qituvchilar oldiga qo‘yilayotgan vazifalarning ahamiyati haqida so‘z bordi. Amerikalik o‘qituvchilar ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda o‘zbekistonlik hamkasblari bilan birga ingliz tilini o‘qitish, kasbiy tayyorgarlik, ilmiy-tadqiqot o‘tkazish va pedagogika sohasida tajriba almashish uchun tashrif buyurishganini qayd etdi.
[gallery-1090]
Tadbir davomida AQSH elchisi Deniyel Rozenblyum buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlab tadbir ishtirokchilariga Navoiy g‘azalidan parcha o‘qib berdi.
Maktab o‘quvchilari tomonidan yig‘ilganlar uchun sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA