Elchi ko‘hna va boqiy Buxoroda bo‘ldi
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov viloyatda bo‘lib turgan Tojikistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzodani qabul qildi.
Samimiy ruhda kechgan muloqotda O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining ikki tomonlama uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning amaliy masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Buxoro viloyati va Tojikiston hududlari o‘rtasida o‘zaro savdo va iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, ijtimoiy-madaniy sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Bu borada qator takliflar o‘rtaga tashlandi.

Tojikiston elchisi o‘z navbatida Buxoro viloyati potensialini yuqori baholadi. Savdo-investitsiya aloqalarini rivojlantirish, jumladan, qo‘shma korxonalar tashkil etish hamda moliyaviy hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlari mavjudligini aytib o‘tdi.
Uchrashuv so‘nggida Buxoro viloyati erkin iqtisodiy zonalarida sanoat va kooperatsiya sohalarida imkoniyatlar katta ekanligi e’tirof etildi. Ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.

Tashrif dasturiga ko‘ra, elchi Abdujabbor Rahmonzoda Kogon tumanidagi qog‘oz mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “China xiang yang”, gipsokarton mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Demir gypsum”, “G‘ayrat chodak” tekstil korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Rejaga muvofiq elchi Buxoro davlat universiteti, G‘ijduvon tumanidagi Sadriddin Ayniy uy-muzeyida ham bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri