El-yurt tashvishi bilan yashagan inson yodi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida jurnalist, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Yangiboy Qo‘chqorovning “Qallibeknoma” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Asar qoraqalpoq xalqining atoqli arbobi Qallibek Kamalov va uning zamondoshlari hayotiga bag‘ishlangan.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Qallibek Kamalovning chorak asrlik rahbarlik faoliyati, yurt ravnaqiga qo‘shgan hissasi, insoniy fazilatlari va el-yurt orasidagi obro‘-e’tiborini yodga oldi. Kitobda uning hayoti, oilasi hamda zamondoshlari bilan bog‘liq xotiralar va fotosuratlar jamlangan.
Aytish kerakki, Qallibek Kamalov 1963-yildan 1984-yilgacha — roppa-rosa 21 yil davomida Qoraqalpog‘istonda rahbarlik lavozimida mehnat qildi. Bu davr tarixda o‘lkaning “Oltin davri” deb ham yuritiladi. Uning rahbarligi ostida sahro qo‘ynida zamonaviy shaharlar qad rostladi, Nukus kichik bir qo‘rg‘ondan yashil bog‘larga burkangan madaniyat markaziga aylandi.

Qallibek Kamalovning nomi Qoraqalpog‘istondagi yirik qurilishlar va islohotlar bilan chambarchas bog‘liq. Kamalov faoliyat ko‘rsatgan davrda Orolbo‘yi mintaqasida millionlab gektar yerlar o‘zlashtirilib, dehqonchilik madaniyati yangi bosqichga chiqdi. Sanoat korxonalari va ijtimoiy inshootlar tizimi yaratildi. Ilm-fan va san’at ahliga alohida e’tibor qaratildi, bu esa milliy o‘zlikni anglash jarayonini tezlashtirdi.
Qallibek Kamalov nainki rahbar, balki xalqning dardi bilan yashaydigan inson edi. Uning oddiy odamlar bilan muloqoti, har bir masalaning mag‘ziga yetib borishi uni chinakam “el otasi” darajasiga ko‘tardi. Uning mehnatlari yuksak baholanib, ko‘plab davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.

Uzoq va sermazmun umr ko‘rgan bu zot mustaqil O‘zbekiston davrida ham doimo e’zozda bo‘ldi.
Qallibek Kamalov siymosi — mardlik, donishmandlik va vatanparvarlikning tirik timsoli bo‘lib, kelgusi avlodlar uchun yuksak ibrat maktabi bo‘lib qoladi.
Shuningdek, muallif Ya.Qo‘chqorov avval Kamalovning 95 yilligiga bag‘ishlab “Burgutga bosh egmagan bars” hujjatli romanini ham taqdim etgan.

Asar muallifi taniqli ustoz jurnalist Yangiboy Qo‘chqorov ko‘p yillar davomida matbuot sohasida mehnat qilib kelayotgan tajribali publitsist. U o‘z ijodida tarixiy mavzular va zamondoshlar hayotiga alohida e’tibor qaratadi. Adib asosan publitsistik maqolalar, ocherklar va hikoyalar yozadi. Uning ijodida milliy qadriyatlar, tarixiy shaxslar va jadidchilik harakati vakillari haqidagi tadqiqotlar muhim o‘rin tutadi.
Adabiy tadbirda Yangiboy Qo‘chqorovning ijodiy faoliyati va yangi asari xususida baatfsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri