El suygan inson xotirlandi
Bugun atoqli davlat arbobi va adib Sharof Rashidov tavalludi kuni
Bugun davlat va jamoat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidov tavalludiga 107 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi tomonidan Jizzax shahridagi adibning uy- muzeyiga press-tur tashkil etildi.
Muzey xodimlari tadbir ishtirokchilariga Sharof Rashidov hayoti, ijodi va mehnat faoliyati to‘g‘risida so‘zlab berdi.

El suygan adib, yirik jamoat arbobi Sharof Rashidov 1917 yilning 6 noyabrida Jizzax shahri atrofidagi Sovungarlik mahallasida oddiy dehqon oilasida tavallud topgan.
Uning otasi,bir umr dehqonchilik qilib, suyagi mehnatda toblangan va umri qora mehnatda o‘tganligiga qaramasdan Rashid bobo Xalilov oilasida bilim olishga chanqoqlik, san’atga shaydolik benihoya kuchli bo‘lgan.

7 yoshli Sharof 1924 yilda Jizzaxdagi Narimonov nomidagi 10-sonli yetti yillik maktabning birinchi sinfiga qabul qilinadi. Maktabni bitirgach, 1932-1935 yillari Jizzax pedagogika texnikumida tahsil olib, ikki yil maktabda o‘qituvchilik qilgan Sharof Rashidov 1937 yili Samarqanddagi O‘zbekiston davlat universitetining o‘zbek tili filologiyasi fakultetiga o‘qishga kiradi.
Talabalik yillarida ijod bilan shug‘ullanib, she’rlar va kichik hikoyalar yozish bilan birgalikda, Samarqanddagi “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasida muxbir, mas’ul kotib, muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi. O‘qishni bitirish arafasida gazetaning bosh muharriri lavozimida faoliyat yuritadi.

Ikkinchi jahon urushi ko‘plar qatori Sharof Rashidovning ham hayotiy rejalarini o‘zgartirib yubordi. 1941 yil Frunze (hozirgi Bishkek) shahridagi piyodalar harbiy bilim yurtini tezlashtirilgan dastur asosida tugatgach, shu yiliyoq Moskva ostonalaridagi janglarda ishtirok etadi. 1942 yilning dekabr oyida chap qo‘lidan og‘ir yarador bo‘lib, tibbiy ko‘rikda yaroqsiz deb topilgandan so‘ng ona shahri Jizzaxga qaytib keldi va o‘zi tahsil olgan maktabda direktor bo‘lib faoliyat yuritadi.
Oradan ko‘p o‘tmay, 1943 yilda Sharof Rashidov Samarqand viloyati partiya tashkilotining kotibi lavozimiga ishga yo‘llanib, bu vazifada 1947 yilgacha faoliyat olib boradi.
Mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahridagi faoliyatini esa 1947 yilda “Qizil O‘zbekiston” (hozirgi “O‘zbekiston ovozi”) gazetasi muharrirligi bilan boshlaydi.

Taniqli adib 1949-1950 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi, 1950-1959 yillarda O‘zbekiston Oliy Kengashi rayosatining raisi, 1959-1983 yillarda O‘zbekiston Kompartiyasining birinchi kotibi bo‘lib faoliyat yuritadi.
Sharof Rashidovning ijodi asosan o‘tgan asr 30-yillarida boshlangan. U dastlab she’riyatda qalam tebratib, “Samarqand kuylari” nomi bilan birinchi she’riy to‘plami nashr etiladi. Ikkinchi jahon urushi yillarida yozgan she’rlari 1945 yilda “Qahrim” to‘plamida jamlangan.
Shuningdek, adibning “G‘oliblar”(1953 yil)qissasi (1972 yilda qayta ishlanib “G‘oliblar” romani sifatida) nashr etilgan.“Bo‘rondan kuchli” (1958), “Qudratli to‘lqin” (1964) romanlari ham o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan asarlari sirasiga kiradi.Shuningdek, adibning “Komde va Mudan” (1959) lirik qissasi hamda“Koinot”(1960)kinoqissasi va hayotining so‘nggi yillarida yaratgan “Dil amri” qissasi o‘quvchilar qalbidan muhim joy egallay bilgan.

O‘zbek adabiyotining jahonda eng ko‘p tarqalgan asarlaridan biri, shubhasiz, Sharof Rashidovning “Kashmir qo‘shig‘i” (1957) qissasidir. She’riy parchalar bilan omuxta qilingan, hajman kichik bu nasriy qissa jahonning 56 tiliga tarjima qilinganligini ham alohida ta’kidlab o‘tish lozim.
Sharof Rashidov 9 yil O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumiga, salkam 25 yil O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetiga rahbarlik qildi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi tashabbusi bilan adibning uy-muzeyiga uyushtirilgan press-tur natijasida davlat va jamoat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidovning yorqin xotirasi xotiralarda qayta jonlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari