El boshiga ish tushganda
Prokuratura xodimlari tomonidan hududda oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi doʻkonlar, dorixona va tibbiyot muassasalari faoliyati nazoratga olinib, keraklik paytda ularga yaqindan koʻmaklashilmoqda.
Prokuratura xodimlari ham jonbozlik koʻrsatmoqda
Ayni karantin kunlarida aholining kunlik isteʼmoli uchun kerakli oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishda Vobkent tumani prokuraturasi hamda Respublika Bosh Prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tuman boʻlimi xodimlari ham jonbozlik koʻrsatib kelmoqda.
Prokuratura xodimlari tomonidan hududda oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi doʻkonlar, dorixona va tibbiyot muassasalari faoliyati nazoratga olinib, keraklik paytda ularga yaqindan koʻmaklashilmoqda.
Tumandagi “Xalach“ MFY Avurduvon qishlogʻida tuman prokuraturasi tashabbusi bilan arzonlashtirilgan narxda qishloq xoʻjaligi hamda oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi. Unda uy-roʻzgʻor buyumlari ham savdoga chiqarildi. Jamila Saʼdullayeva, Yulduz Rajabova kabi boshqa yakka tartibdagi tadbirkorlarga oziq-ovqat mahsulotlarini qiyinchiliksiz olib kelishlari uchun qulayliklar yaratildi.
Qishloqdagi Shodmon Amonov, Asad Amonov, Mavlon Shirinov singari xonadon egalarining tomorqa yerlari oʻrganildi. Ular misolida qishloqdoshlariga yeridan foydalanish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Hududdagi “Xalach” qishloq oilaviy poliklinikasi va dorixonaning aholiga xizmat koʻrsatish qoniqarsiz ahvoldaligi muqaddam bir necha marotaba tanqid ostiga olingandi. Shundan kelib chiqib, ularda yaratilgan shart-sharoitlar oʻrganildi. Shuningdek, qishloqdagi Vali Rasulovga tegishli doʻkonda ham antisanitariya holatida aholiga goʻsht sotilayotganligi maʼlum boʻldi. Qassobxonada tozalikka rioya qilinmaganligi, qassob yigit oq xalat kiymaganligi yetmaganidek, sotilayotgan mahsulot-goʻshtining sifati kafolatlanmaganligi aniqlandi. Holat yuzasidan fuqaroga qattiq ogohlantirish berildi.
Aholi xonadonlarini oʻrganish natijasida obodonchilikka ahamiyat bermayotgan, darvozasi oldida mahalliy oʻgʻit-goʻng yoki gʻoʻzapoya bilan toʻldirib qoʻygan fuqarolar, karantin kunlarida koʻcha-koʻyda bemaqsad, hatto, niqobsiz yurganlarga nisbatan tegishli taʼsir choralari belgilandi.