El boshiga ish tushganda
Respublika ishchi guruhi Buxorodagi tomorqalarning holatini oʻrgandi.
Respublika ishchi guruhi Buxorodagi tomorqalarning holatini oʻrgandi. Koronavirus pandemiyasi davrida aholini oʻz tomorqasidan unumli foydalanishga undash, yerning bir qarichini ham boʻsh qoʻymasdan, undan samarali foydalanishni taʼminlash bosh masalaga aylandi. Bu esa oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi bandligini va daromadini oshirishda muhim omil boʻlishi shubhasiz.
Oʻzbekiston, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda OʻzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi A. Xaitov boshchiligidagi ishchi guruh ana shu kabi ishlarni qanday tashkil qilinganini oʻrganish, agar kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, uni bartaraf etish maqsadida Buxoroga tashrif buyurdi. Ishchi guruh tomonidan viloyatdagi dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalarida bahorgi ekinlarni ekish holati oʻrganildi.
Ular dastlab Buxoro tumanidagi Rabotak mahalla fuqarolar yigʻini Rabotak qishlogʻi hududida issiqxonalar qurish ishlari bilan tanishdi.
–Kengash jamgʻarmasi tomonidan 12 nafar yosh, ishsiz oila aʼzolari uchun 0.5 gektar maydonda qad rostlayotgan mazkur issiqxonalar ularga imtiyozli kredit asosida beriladi, – deydi viloyat fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi huzuridagi Buxoro tumanida tashkil etilgan “Tomorqa xizmati” MCHJ rahbari Joʻrabek Sharopov. – Bu kambagʻallikni tugatish siyosati bilan hamohang. Shuningdek, ularning har biriga 4 sotix hajmda taqsimlanadigan issiqxonalar oilalari bilan bemalol yaxshigina daromad olishga ham yetadi. Faqat mehnat qilishsa boʻlgani. Bundan tashqari, 3 gektar maydonni 60 nafar ishsiz, kambagʻal oilalarga berish ishlari boshlab yuborildi. Ana shunday oilalarning roʻyxati shakllantirildi.
Ishchi guruh aʼzolarining keyingi manzili shu mahalladagi Yangi shahar koʻchasida yashovchi Quvondik Otayevning xonadonida boʻldi. Oila aʼzolari dehqonchilik hadisini olgan. Ular oʻtgan yili Kengash huzuridagi jamgʻarma koʻmagida 90 million soʻm miqdoridagi kredit mablagʻi asosida 11 sotix yerda issiqxona tashkil etgan.
Issiqxonaga dastlab bulgʻor qalampiri ekib, undan yaxshigina daromad olgan. 3 sotixga ekkan kartoshkadan hozirgacha 8 million soʻm foyda qilgan. Ayni paytda hosilning har kilogramini uydan 8 ming soʻmdan sotayapti. Issiqxonaning 8 sotix maydonida pomidor yetishtirayapti. Natijada oila-azolarining 4 nafari bandligi taʼminlangan.
Oʻz ishining ustasi boʻlgan dehqonga bu serdaromad ishni qoʻshnilariga ham oʻrgatish tavsiya qilindi. Romitan tumani, Chandir MFY hududida yashovchi Majid Toshev esa tomorqasining 4 sotixida Kengash huzuridagi jamgʻarma yoʻl-yoʻrigʻi bilan 28 million soʻmlik imtiyozli kredit asosida issiqxona tashkil qilgan. U issiqxonasida yetishtirgan kartoshkaning hozirda bozori chaqqon. Kartoshkaning kilogramini 10 000 soʻmdan pullayapti. Aprel oyining oxirlarida bodring ekishni moʻljallab turibdi. Majid Toshev bundan tashqari, 4 sotixlik ochiq maydonda Kengash tomonidan bepul berilgan qulupnay koʻchatlarini yetishtirayapti. Uning hamqishlogʻi Bahodir Toshevning qilayotgan ishlariga ham havas qilsang arziydi. U xitoy texnologiyasi usulida tashkil qilgan issiqxonasida banan va limon koʻchatlarini yetishtirmoqda.
Ishchi guruhi tomonidan ularga ishini yana-da rivojlantirishi yoʻlida tavsiyalar berildi. Bundan tashqari, qandaydir sunʼiy toʻsiqlarga duch kelsa, ularni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-Demokratik partiyasi hamisha qoʻllab-quvvatlashga tayyorligi taʼkidlandi.