Ekstremistik faoliyat haqida xabar bergan shaxslar himoya qilinadi va rag‘batlantiriladi
Ekstremizmning shakl va ko‘rinishlari tobora o‘zgarib, uning xavfi nafaqat diniy, balki boshqa ekstremistik g‘oya va harakatlar orqali ham namoyon bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan ekstremizmning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish zarurati yuzaga kelgan.
Senat yalpi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ekstremizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shu maqsadga qaratilgan.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov qonun bilan Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirishlar kiritilayotganini qayd etdi.
Unga ko‘ra, ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tayyorlash, saqlash va tarqatish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari liberallashtirilmoqda.

Xususan, bunday harakatlarni birinchi marta sodir etganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik bekor qilinib, ma’muriy javobgarlik kiritilmoqda. Takroran sodir etilgan taqdirdagina jinoiy javobgarlik yuzaga keladi.
“Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun takomillashtirilib, ekstremizm tushunchasiga aniq ta’rif berilmoqda.
Ekstremizmga oid jinoyatlar aniq doirasini belgilash, ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshirish, ekstremistik tashkilotlar va materiallarning elektron reyestrini yuritish, xavf-xatarlarni monitoring qilish hamda baholashning huquqiy asoslarini mustahkamlash nazarda tutilmoqda.

Qonunchilikdagi “diniy ekstremizm” atamasi “ekstremizm” atamasi bilan almashtirilib, huquqni qo‘llash amaliyotida yagona huquqiy yondashuv ta’minlanmoqda.
Qonun bilan ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, ekstremistik faoliyat haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish va rag‘batlantirish, Internet tarmog‘i hamda ommaviy axborot vositalarida ekstremistik g‘oyalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha mexanizmlar ham joriy etilmoqda.
Ekstremistik tashkilotlarni e’tirof etish tartibi hamda ekstremizmga oid jinoyat sodir etgan shaxslarni qayta ijtimoiylashtirish mexanizmlari ham takomillashtirilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun ekstremizmga qarshi kurashish sohasida inson huquqlarini ishonchli himoya qilish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash o‘rtasidagi huquqiy muvozanatni mustahkamlashga xizmat qiladi. Profilaktika ishlari samaradorligi oshiriladi va mamlakatimizda tinchlik hamda barqarorlikni ta’minlash kuchaytiriladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA