Eksportyor korxonalar soni ortib, ish o‘rinlari ko‘paymoqda
Jizzax viloyatida katta o‘zgarishlar sari dadil odimlayotgan hududlardan biri “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi hisoblanadi. Keyingi yillarda ushbu hududda ko‘plab turli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar soni sezilarli darajada ko‘paydi. Bugun “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida oddiy mixdan tortib yirik hajmdagi qurilish materialigacha, shokoladdan tayyor kiyim-kechakkacha, akkumulyatordan avtomobil, elektromobillargacha ishlab chiqarilmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri aholi farovonlikka erishishi uchun shart-sharoit yaratish, turmush darajasini oshirish, iqtisodiyotni rivojlantirish, xorijiy sarmoyalarni kengroq va ko‘proq jalb etish va yangi daromadli ish o‘rinlarini yaratish orqali fuqarolarni kambag‘allikdan olib chiqishdir.
Hozirgacha “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi hududida qiymati 2 trillion 820 milliard 800 million so‘m bo‘lgan 28 ta loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, 5 ming 923 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Shuningdek, 2023-2026 yillarda erkin iqtisodiy zonasida qiymati 9 trillion 515 milliard 900 million so‘mlik 20 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar amalga oshirilishi natijasida yana 10 ming 490 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.


O‘tgan 2022 yilda erkin iqtisodiy zona hududidagi korxonalar tomonidan 1 trillion 109 milliard 800 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 3 trillion 604 milliard 700 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan va shundan 41 million AQSH dollarilik mahsulotlar eksport qilingan. Joriy yilning yanvar-avgust oylarida esa 7 trillion 137 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 36 million 500 ming AQSH dollarilik mahsulot eksportga yo‘naltirilgan.
Ana shu ko‘rsatgichlarga o‘zining munosib hissasini qo‘shib, mazkur jarayonlarda faol ishtirok etib kelayotgan korxonalardan biri “Jizzax Toshtepa tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatidir. Korxona paxtadan ekologik toza, zamonaviy dizayndagi tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaradi.
Bo‘yash sexida yorqin bo‘yoqlardan foydalangan holda ranglangan matolar tayyorlanadi. Bu bo‘limdagi maxsus qozonlarda matolarga rang beriladi. Ishchilar Italiya va Koreyada ishlab chiqarilgan texnologiyalarda amalga oshirilayotgan jarayonlarni muntazam nazorat qilib boradi.


Bo‘yoq sexida ish 3 smenada tashkil etilgan bo‘lib, har bir smenada 5 tadan ishchi, 1 nafardan kimyogar va sex masteri, jami 21 nafar yosh mehnat qiladi. Ularning sermahsul mehnat qilishi, dam olish, ovqatlanish va ishga kelib ketishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
– Har bir smena boshlanishidan avval matoni yuvish, tozalash va bo‘yash hamda texnika xavfsizligiga rioya etish bo‘yicha tushunchalar beriladi, – deydi “Jizzax Toshtepa tekstil” korxonasi bo‘limi boshlig‘i Ahmad Tursunmatov. – Mato yuvib, tozalangach, Koreya va Italiyada ishlab chiqarilgan ushbu bo‘yash qozonlarida 5 kilogrammdan 1 tonnagacha bo‘lgan materialga buyurtmaga ko‘ra rang beriladi.
– Ushbu korxona misolida men O‘zbekistonning porloq kelajagini ko‘ryapman, – deydi Turkiyadan kelib faoliyat yuritayotgan mutaxassis Irfan Topal. – Mamlakatingiz bugun yengil sanoat sohasida rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shildi. Chunki O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan materiallar xorij bozorining oldi mahsulotlaridan hisoblanadi. Qardosh o‘zbek xalqning tikuv-trikotaj sohasida erishayotgan muvaffaqiyatida biz turkiyalik mutaxassislarning ham hissamiz borligi bizni quvontiradi.


2011 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “Jizzax Toshtepa tekstil” MCHJ qoshida monomarkaz ham tashkil etilgan. Ushbu o‘quv markazida xotin-qizlar 3 oy davomida bichuvchilik-tikuvchilik kasbiga o‘qitilib, ushbu kasbni to‘liq o‘zlashtirib olganidan so‘ng ishini korxonaning hududlardagi filiallarida davom ettiradi. Filiallardagi tikuvchilar uchun mijozlarning buyurtmasiga qarab 6 turdagi mahsulotlarning namunalari tayyorlab beriladi.
Monomarkazda ham, hududlardagi tikuv fabrikalarida ham Yaponiyada ishlab chiqarilgan eng zamonaviy “Boyil” va “Juki” rusumidagi mashinalar o‘rnatilgan. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tuzilgan shartnomalarga asosan Rossiya, Germaniya va Italiya davlatlariga eksport qilinadi.
– Ushbu monomarkazda mehnat qilayotganimga 6 yil bo‘ldi, – deydi tikuvchi Gulzoda Barakayeva. – Markazda yangi ishga qabul qilinadigan xotin-qizlarga tikuvchilik sir-asrorlarini o‘rgatamiz. Shuningdek, hududlardagi filiallarimizda mehnat qilayotgan tikuvchilarimizga namunalar tayyorlab, jo‘natamiz. Samarali mehnat qilishimiz, dam olishimiz uchun barcha sharoit yaratilgan.


Korxona o‘z faoliyatini 2011 yilda 60 kishi bilan boshlagan bo‘lsa, bugunga kelib Jizzax viloyatida 3 ming, Toshkent va Navoiy viloyatlarida 1 ming nafardan aholi yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlaganini ham ta’kidlash lozim.
– Italiya kompaniyasi bilan shartnoma tuzib, bo‘yoq sexi faoliyatini kengaytirish ustida ish olib borilmoqda, – deydi bosh direktor o‘rinbosari Ulug‘bek To‘raqulov. – Italiyadan 5 ming AQSH dollari sarmoya hisobiga zarur uskunalar olib kelish uchun buyurtma berilgan. Bu matolarga beriladigan ranglar turini 2 barobarga oshiradi. Hududlarda yangi tikuv filiallarini ko‘paytirish ham rejada bor. Natijada mahsulot sifati, turi, miqdori va eksport hajmi ham ortadi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri