Eksport sari yuksalayotgan mahalliy brend
Bugungi Yangi O‘zbekistonda xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ayniqsa, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarayotgan korxonalar faoliyatini o‘rganish, ularning muammolariga yechim topish va yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash iqtisodiyot taraqqiyotiga xizmat qilmoqda. Bu borada siyosiy partiyalarning ham amaliy ishtirok etishi tadbirkorlar uchun muhim tayanch bo‘lmoqda.
Ana shu maqsadda tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashining Yoshlar muammolarini o‘rganish va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi hamda partiyaning Buxoro shahar Kengashi hamkorligida “Xalq bilan birga” umummilliy dasturining “Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” loyihasi doirasida Buxoro shahridagi “Sadriddin Ayniy” mahallasi hududida faoliyat yuritayotgan “RUSHAN TEKS” MCHJ to‘qimachilik korxonasida amaliy uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan sexlari, mehnat jamoasi uchun yaratilgan munosib shart-sharoitlar hamda eksport faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Korxonada paxta xom ashyosini chuqur qayta ishlash, yuqori sifatli kalava ip yigirish va bo‘z mato ishlab chiqarishning to‘liq texnologik zanjiri yo‘lga qo‘yilgani uning yuqori sanoat salohiyatidan dalolat beradi.

E’tiborli jihati shundaki, mazkur korxonada bugungi kunda 150 nafar fuqaro doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan. Bu esa nafaqat mahalliy aholi bandligini oshirish, balki oilalar daromadini ko‘paytirish va hudud iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Korxonada tayyorlanayotgan trikotaj mahsulotlari ichki bozorda xaridorlar e’tiborini qozonibgina qolmay, xalqaro bozorda ham munosib o‘rin egallab bormoqda. Ayniqsa, Turkiyaga hozirga qadar qariyb 40 million AQSH dollari miqdorida eksportbop mahsulot yetkazib berilgani “RUSHAN TEKS”ning xalqaro standartlarga javob beradigan, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarayotganini yaqqol tasdiqlaydi. Bu natija mahalliy brendning jahon bozorida mustahkam o‘rin egallayotganining yorqin ifodasidir.
Muloqot jarayonida partiya vakillari ishlab chiqarish quvvatlarini yanada kengaytirish, eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda milliy brend nufuzini yanada oshirish yuzasidan qator amaliy taklif va tavsiyalarni ilgari surdi.

Korxona rahbariyati esa mamlakatimizda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar va partiya tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbuslarni yuksak baholab, kelgusida partiya bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, tadbirkorlik muhitini rivojlantirish hamda partiya a’zolari safini kengaytirishga munosib hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirdi.
Bugun iqtisodiy taraqqiyotning asosiy mezoni – raqobatbardosh mahsulot, zamonaviy texnologiya va eksportbop ishlab chiqarishdir. “RUSHAN TEKS” kabi korxonalarning faoliyati mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy samarasini namoyon etib, Yangi O‘zbekiston sanoati tobora yuksak marralarni zabt etayotganini ko‘rsatmoqda. Zero, mahalliy mahsulotning xalqaro bozorlarda munosib o‘rin egallashi – mamlakat iqtisodiy qudrati, xalq farovonligi va milliy brendlarimiz nufuzining yuksalayotganining eng yorqin ifodasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri