Ekspertlar energetika sohasida yangi yirik loyihalarni ko‘rib chiqdi
Toshkentda investitsion-huquqiy bazani xalqaro kreditorlar talablariga muvofiqlashtirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda regulyatorlar, xalqaro sug‘urta kompaniyalari, global konsalting firmalari hamda energetika sohasi ekspertlari ishtirok etdi.
Tadbir “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston energetika bozoridagi yirik loyihalar, xususan, 15 milliard dollarlik energetik dastur doirasidagi istiqbollar muhokama qilindi. Shuningdek, infratuzilmaviy loyihalarda sug‘urtalash va xatarlarni boshqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muloqot davomida O‘zbekiston bozori ishtirokchilari va ularning xalqaro hamkorlari o‘rtasida bilim va tajriba almashishni muntazam yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi. Shu bilan birga, mamlakat energetika tarmog‘ining barqaror rivoji uchun mustahkam huquqiy va institutsional asos shakllangani qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, loyihalarni samarali boshqarish hamda milliy sug‘urta mexanizmlarini xalqaro standartlarga moslashtirish yaqin ikki yilda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
“ACWA Power” kompaniyasi global moliyaviy direktori (CFO) Abdulhamid Al-Muhaydib O‘zbekiston kompaniya uchun strategik va jadal rivojlanayotgan bozor ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Buxoro viloyatidagi shamol elektr stansiyalari hamda Samarqanddagi quyosh elektr stansiyasi kabi yirik loyihalarda o‘z tasdig‘ini topmoqda.

– Jahon investitsiya standartlari talablari kuchayib borayotgan sharoitda O‘zbekiston xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, uzoq muddatli energetik xavfsizlikni ta’minlash uchun sug‘urta va xatarlarni boshqarish tizimlarini takomillashtirish imkoniyatiga ega. 2025-yil davomida O‘zbekistonda umumiy quvvati 3500 MVt bo‘lgan bir qator energetik ob’ektlar ishga tushirildi. Bu sohada islohotlar jadal sur’atda davom etayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ushbu dinamikani saqlab qolish yangi investitsiyalarni jalb qilish va mamlakatning investitsion jozibadorligini yanada oshirishni talab etadi, – dedi u.
Tadbir yakunida ishtirokchilar mamlakatimiz energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash hamda yirik loyihalarni barqaror moliyalashtirish bo‘yicha fikr almashdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA