Ekspert: "Turkiy adabiyot durdonalari" bebaho xazinamizdir
PREZIDENT TASHABBUSLARI – AMALDA
O‘zbekistonda yuz jildlik «Turkiy adabiyot durdonalari» to‘plami lotin va o‘zbek alifbosida nashr qilindi.
Xabaringiz bor, 16 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Anqara shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining favqulodda sammitida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining Turkiyaga tashrifi arafasida O‘zA muxbiri Said Ahmad asarlarini turk tiliga tarjima qilib, Anqarada nashr ettirgan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti, filologiya fanlari doktori Xayrulla HAMIDOV bilan suhbatlashdi.
– Davlatimiz rahbari 2019 yil 15 oktyabr kuni Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitida so‘zlagan nutqida tashkilotga a’zo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan tashkil topgan «Turkiy adabiyot durdonalari» nomli yuz jildlik to‘plamni har bir mamlakatning ona tilida nashr etish tashabbusini ilgari surgan edi. Ana o‘sha tashabbus asosida ilk bor O‘zbekistonda yuz jildlik «Turkiy adabiyot durdonalari» tayyorlanib, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ona tilimizda nashrga tayyorlandi.
Jamlanmaga umumturkiy adabiyotning eng sara namunalari, o‘zbek, qoraqalpoq, turk, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz, turkman va venger adabiyotining 11-21 asrlarga mansub 629 nafar atoqli shoir, adib va mutafakkirlarining asarlari kiritilgan.
2022 yil 10-11 noyabr kunlari Samarqandda o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotining 1-sammiti arafasida ana shu yuz jildlik kitoblar turkumining nishona soni nashrdan chiqdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand sammitida so‘zlagan nutqida tashkilotga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar adabiyotining sara namunalaridan iborat yuz jildlik «Turkiy adabiyot durdonalari» to‘plamini o‘zbek tilida nashr qilingani borasida ushbu bebaho ma’naviy xazina barcha a’zo va kuzatuvchi davlatlar tillarida ham chop etilsa, qardosh ellarimizni, avvalo yosh avlodni o‘zaro yaqinlashtirish uchun mustahkam zamin yaratilgan bo‘lar edi, deya alohida ta’kidlagan edi.
Majmuaning «Umumturkiy adabiyot namunalari» deb nomlangan ilk 5 jildini qadim turkiy tilimizni ilk bor ilmiy asosda tadqiq etgan buyuk alloma Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg‘oniy va Nosiriddin Rabg‘uziy asarlari tashkil etgan bo‘lsa, «O‘zbek adabiyoti namunalari» deb nomlangan 6-33 jildlarini Alisher Navoiydan boshlab to bugungi kunga qadar qalam tebratib kelgan o‘zbek adabiyoti namoyandalarining durdona asarlari tashkil etadi.
Qolgan jildlarni esa qoraqalpoq, turk, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz va turkman tillaridan ona tilimizga o‘girib, turli yillarda nashr etilgan va endi ilk bor chop etilayotgan durdona asarlar tashkil etadi. Shuningdek, majmuaning 1 jildi venger adabiyoti vakillarining turli yillarda o‘zbek tiliga tarjima qilingan asarlaridan iborat.
Ushbu bebaho xazina nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun turkiy tilli davlatlar orasida ilk bor ro‘yobga chiqarilgan yirik adabiy loyihaning natijasi, shu bilan birga, ona yurtimizda madaniyat va san’atga ko‘rsatilayotgan muhim e’tibor, xalqimizning qardosh xalqlar va ularning so‘z san’atiga bo‘lgan yuksak ehtiromi ramzidir.
«O‘zbekiston» nashriyotida chop etilgan ushbu turkumni tayyorlash uchun ikki yuzdan ziyod tarjimon, yuzdan ziyod adabiyotshunos olim, adib va muharrir jalb qilindi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoning qoq o‘rtasida joylashgan mamlakat va har sohada markaziy mavqeni egallab kelayotgani hech kimga sir emas. Shu nuqtai nazardan yuz jildlik kitobning ilk bor O‘zbekistonda nashr etilgani yarashiqli bo‘ldi va turkiy davlatlar o‘rtasidagi mavjud adabiy aloqalarimizni yanada mustahkamladi, deb o‘ylayman.
«Turkiy adabiyot durdonalari», «Turkiy dunyo nigohi – 2040» konsepsiyasi va bugungi kunda qabul qilinayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti besh yillik strategiyasi doirasida amalga oshirilgan ilk qadam bo‘lib, 170 milliondan ziyod aholi yashaydigan ulkan mintaqani o‘z ichiga olgan tuzilma nufuzini yanada mustahkamlash, qardosh xalqlar va davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yuksak pog‘onaga olib chiqish borasidagi niyatimizning ilk ro‘yobidir.
Bu kabi tadbirlar xalqlarimizning ulug‘ ijodkorlari qoldirgan boy ma’naviy merosni keng targ‘ib etadi, balki ularni asrab-avaylashga, chuqur o‘rganishga ham da’vat qiladi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA