Ekspert: O‘zbekistondagi byudjet taqchilligi yuqori inflyatsiya darajasini keltirib chiqarishi mumkin
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi eksperti Shoxruh Bobojonov O‘zbekistondagi davlat byudjeti kamomadining o‘sishi va joriy operatsiyalar hisobi o‘rtasidagi bog‘liqlikni tahlil qildi.
Ekspertning fikricha, hozirda mamlakatimizda dolzarb bo‘lib kelayotgan muammolardan biri bu davlat byudjeti kamomadining o‘sishi va valyutalar tushumining qisaqarayotganidir. Mamlakatimizda olib borilayotgan so‘nggi islohotlar tufayli davlat xarajatlari oshib bormoqda. Shuningdek, joriy operatsiyalar hisobinig bir qismi bo‘lgan tashqi savdo balansi 2016 yildan beri salbiy tomonga o‘zgargan.
Jahon tajribasi byudjet tanqisligi va joriy operatsiyalar hisobidagi taqchillik o‘rtasida muayyan bog‘liqlik borligini ta’kidlaydi va bu tendensiya “Egizak defitsit” deb yuritiladi. Ushbu bog‘liqlik mamlakat ichki va tashqi iqtisodiy holatini tahlil qilish va unga oid pul-kredit, valyuta siyosati kabi makroiqtisodiy siyosatni amalga oshirish uchun muhim statistik asos vazifasini o‘taydi.
Shuni ta’kidlash joizki, joriy operatsiyalar hisobi, tashqi qarz orqali moliyalashtirish, byudjet defitsiti va ichki investitsiya omillari o‘rtasida uzviy bog‘liqlik bor. Xalqaro valyuta jamg‘armasining tasnifiga binoan, joriy operatsiyalar hisobi va kapital bilan bog‘liq bo‘lgan moliyaviy operatsiyalar hisobi birgalikda to‘lov balansini tashkil qiladi. Shuning uchun joriy operatsiyalar hisobidagi kamomad yoki profitsit kapital bilan bog‘liq operatsiyalar (tashqi qarz) hisobida aks etadi.
Joriy operatsiyalar hisobini, tovarlar va xizmatlar eksporti hamda importi, xorijda ishlovchi hamda davlatda chet ellik ishchilarning daromadlari va xarajatlari, xalqaro pul o‘tkazmalari tashkil qiladi.
Bundan tashqari, mamlakatlar o‘rtasidagi aktivlar va majburiyatlar hamda xususiy sektorlar aktivlari va majburiyatlari bo‘yicha operatsiyalar almashinuvi kapital bilan bog‘liq operatsiyalar hisobida jamlanadi. Makroiqtisodiy ayniyatdan kelib chiqqan holda, joriy operatsiyalar hisobi bu milliy xususiy sektor jamg‘arish va mamlakatdagi investitsiya o‘rtasidagi farq hamda byudjet balansining yig‘indisiga tengdir.
Bundan ko‘rinib turibdiki, byudjet defitsiti va mamlakatdagi investitsiya jarayonlarining milliy jamg‘arishdan ustun kelishi tashqi qarz olish hisobiga moliyalashtiriladi. Bu o‘z navbatida joriy operatsiyalar balansidagi kamomadga olib keladi, ya’ni mamlakatning eksportdan olgan daromadlari importga qilgan xarajatlaridan kam bo‘ladi. Shu yerda, savol tug‘iladi ya’ni, haqiqatda qaysi omil joriy operatsiyalar kamomadiga olib kelmoqda - davlatdagi investitsiyaning ichki moliyalashtirish salohiyatidan kamligimi, yoki byudjet defitsiti. Shunday qilib, ushbu tadqiqot ishi O‘zbekistondagi byudjet defitsiti va joriy operatsiyalar hisobi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlashga bag‘ishlanadi.
O‘zbekistonda so‘nggi to‘rt yilda, soliq-byudjet siyosatida juda katta islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda. YAIMni oshirishda 2018 yildan boshlab, iste’mol talabini oshirish uchun soliq imtiyozlarining yaratilishi, tashqi investorlarni jalb qilishda valyuta kursini liberalashtirish, infrastrukturani rivojlantirishdagi islohotlar muhim rol o‘ynamoqda.
Shuningdek, iqtisodiyotning hukumatga yuqori darajada bog‘langanligi va yangi soliq siyosati tufayli ortib borayotgan xarajatlarning byudjet taqchilligida o‘z hissasi bor. Ushbu byudjet taqchilligi yuqori inflyatsiya darajasi hamda yuqori tashqi qarz inqirozi kabi jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Investitsiyalarning keskin o‘sishi va oldinlari soya ostidagi import xajmini legallashuvi natijasida joriy operatsiyalar hisobining 2013 yildagi 1,3 foiz profitsitdan 2018 yilga kelib 16,3 foiz defitsitigacha o‘sishiga sabab bo‘ldi. Import bojlarining 2018 yil iyun oylaridagi sezilarli pasayishi import miqdorining o‘sishiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Tovarlar va xizmatlar eksporti 14 foizga o‘sdi (mol go‘shti, tabiiy gaz va to‘qimachilik mahsulotlari eksporti yetakchi), import esa 42 foizga o‘sishni ko‘rsatdi. Xalqaro pul oqimi 2018 yilda barqaror 5,7 milliard AQSH dollarini tashkil etgan edi (Jahon banki, 2019 yil), 2019 yilda esa COVID-19 pandemiyasiga qaramasdan bu ko‘rsatkich 6 milliard dollarni tashkil etdi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA