Ekologiya – bugunning dolzarb masalasi
Xabaringiz bor, joriy yil 14 oktyabr kuni Davlatimiz rahbari “Yashil makon” loyihasi doirasida kuzgi daraxt ekish mavsumini boshlab berdi.
Prezidentimiz poytaxt Toshkentning Chilonzor tumanidagi Oqtepa va Bog‘zor mahallalariga tashrifi chog‘ida jamoatchilik bilan birga ko‘chat ekdi. Shu kunning o‘zida Oqtepa mahallasida 200 tup olma va nok ko‘chatlari o‘tqazildi.

Mamlakat rahbarining tashabbusi bilan bunday zarur va xayrli loyihaga start berilishi, shubhasiz, ko‘pchilikni birdek quvontirdi.
Bugun Toshkent shahar Chilonzor tumani Oqtepa mahallasiga O‘rmon xo‘jaligi agentligi tizimidagi Darxon ilmiy tajriba stansiyasida yetishtirilgan yasen, katalpa, safora hamda tut ko‘chatlaridan jami 200 ta nihol yetkazib berildi.

Mahalla faollari, xususan, yoshlar, nuroniylar, barcha-barcha obodonlashtirish xodimlari da’vatiga, labbay, deya javob berib, savobli ishga o‘z hissalarini qo‘shishdi. Shu orqali Oqtepa mahallasining “Yashil makon”i kengaydi.
Ko‘chat ekish tadbirlarini ilmiy asosda tashkil etish maqsadida O‘rmon xo‘jaligi agentligi, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi xodimlari Toshkent shahri tumanlariga biriktirildi.

Ayni kunlarda O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan Toshkent shahridagi 585 ta mahalla fuqarolar yig‘inlariga 120 ming tup ko‘chat beg‘araz yetkazib berish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda.

O‘zA