Ekologik savodxonlik – muhim masala
Andijon davlat chet tillar institutida “Davlat organlari, tashkilotlari rahbar va xodimlarining ekologik bilimini oshirish – muhim masala” mavzusida o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat kengashi tomonidan Andijon viloyat adliya, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmalari hamda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan seminarda qator davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlari, xodimlari, partiya faollari, deputatlar hamda yoshlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 15 maydagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan seminarda aholining, xususan, korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari, mutaxassislari hamda yoshlarning ekologik bilim, madaniyat va savodxonligini, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish masalalari, bu boradagi yutuq va muammolar atroflicha muhokama qilindi.
[gallery-24761]
Dastlab seminarda mutaxassislar tomonidan Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan qarori mazmun-mohiyati, ahamiyati va dolzarbligi haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, qarordan kelib chiqadigan muhim vazifalar xususida so‘z yuritildi.
– Mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan seminarning asosiy maqsadi ishtirokchilar, ular orqali aholi va yoshlarning ekologik bilim va madaniyatini oshirishdir, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat kengashi raisi Xurshidbek Yusupov. – Qolaversa, viloyatda mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar xususida keng jamoatchilik fikrini o‘rganish, targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Seminarda mutaxassislar tomonidan fuqarolarning ekologiya va atrof-muhitga bo‘lgan munosabatini yaxshilash, aholining ekologik bilim va savodxonligini yuksaltirish mavzularida ma’ruzalar o‘qildi. Bu boradagi, ayniqsa, targ‘ibot ishlarini samarali tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar hamda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Mavzu doirasida munozara, savol-javoblar bo‘ldi.
Seminar ishtirokchilarning ekologiyaga oid bilim va savodxonligini, madaniyatini oshirishga, ekologik muammolarga nisbatan murosasiz munosabatini shakllantirishga xizmat qiladi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari