Ekologik madaniyatni oshirishda davlat va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligi qanchalik muhim?
Ekologik muammolar, iqlim o‘zgarishi oqibatlari avj olib borayotgan bugungi vaziyatda insoniyatning ekologik mas’uliyatini oshirish dolzarb ahamiyatga ega. Aholining ekologik madaniyatini oshirishda davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlik ekologik ongni shakllantirish va barqaror rivojlanishni ta’minlashda samarali mexanizm hisoblanadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Ekologik partiya fraksiyasi a’zosi Navro‘zbek Yusupov biz bilan suhbatimiz ushbu mavzu yuzasidan bo‘ldi.
– So‘nggi o‘n yilliklarda texnogen (tabiiy) va antropogen (inson omili) ta’sirlar ostida global iqlim o‘zgarishi yuz bermoqda, – deydi deputat, O‘zbekiston Ekologik partiya fraksiyasi a’zosi Navro‘zbek Yusupov. – Buning oqibatida yuzaga kelayotgan ekologik muammolar – haroratning selsiy shkalasi bo‘yicha 1,5 gradusga ko‘tarilib borishi, yog‘ingarchilik me’yorlari, suv resurslari tarqalish me’yorlarining o‘zgarishi va kamayib borishi, tabiatning sezilarli darajada salbiy tarafga o‘zgarib borishi, atrof-muhit, ayniqsa, havo va suvning ifloslanishi, bioxilma-xillikning qisqarishi va tabiiy resurslarning kamayishi insoniyat taraqqiyoti va salomatligiga jiddiy tahdid solmoqda. Hozirgi globallashuv sharoitida atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalari borgan sari dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu holat esa jamiyatda ekologik madaniyatni shakllantirish va yuksaltirishni strategik vazifaga aylantirdi.
Ekologik madaniyat – bu insonning tabiatga nisbatan ongli, mas’uliyatli va ehtiyotkor munosabati, ekologik bilimlari, qadriyatlari va ekologik mas’uliyatga asoslangan xulq-atvor majmuasi. U jamiyatning barqaror rivojlanish darajasini belgilaydigan muhim omillardan biri hisoblanadi. Shuningdek, ekologik madaniyat insonning tabiat bilan uyg‘un yashashini ta’minlovchi fikr, qadriyat va amaliy harakatlar tizimidir. U qanchalik yuqori bo‘lsa, jamiyatning ekologik xavfsizligi shunchalik ta’minlanadi.

– Ekologik madaniyatni shakllantirishda davlatning ishtiroki qanchalik muhim?
– Dunyo hamjamiyati ekologik muammolarni bartaraf etishda faqatgina davlatning o‘zi tomonidan amalga oshiriladigan sa’y-harakatlar yetarli emas deb hisoblaydi. Bu jarayonda aholining ekologik madaniyatini yanada shakllantirish, jamoatchilik faolligini oshirish va turli institutlar o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim hisoblanadi.
Ta’kidlash kerakki, mamlakatimizni barqaror rivojlantirish borasida qabul qilinayotgan uzoq muddatli strategiyalarimizda eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri etib ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik muvozanatni ta’minlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish belgilab olinmoqda.
Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish, ushbu yo‘nalishda davlat organlarining fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorlikdagi sa’y-harakatlarini hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasining fuqarolar ekologik bilimlarini oshirishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2025-yil 15-mayda qabul qilingan “2030-yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilangan har bir vazifa ijrosi ta’minlanishiga erishilmoqda.
Aholining ekologik madaniyatini oshirish jarayonida davlat markaziy va hal qiluvchi sub’ekt hisoblanadi hamda bu borada barcha ijtimoiy institutlar faoliyatini muvofiqlashtiradi. Samarali ekologik siyosat esa puxta ishlab chiqilgan qonunchilik bazasiga tayanadi. Shu ma’noda davlat ekologik qonunlar, kodekslar va me’yoriy hujjatlarni qabul qilish orqali jamiyatda ekologik tartib-intizomni ta’minlaydi.
Shuningdek, davlat ekologik ta’lim va tarbiya tizimini rivojlantirish orqali aholining ekologik madaniyatini shakllantiradi, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan dastur hamda milliy va umummilliy loyihalarni amalga oshiradi. Shu bilan birga, davlat nazorat va monitoring funksiyasini amalga oshiradi. Atrof-muhit holatini doimiy kuzatib borish, ekologik standartlarga rioya etilishini ta’minlash va qonunbuzilish holatlariga nisbatan tegishli choralar ko‘rish davlatning muhim vazifalaridan biridir.
Bundan tashqari, davlat ommaviy axborot vositalari, internet platformalar va ijtimoiy tarmoqlar orqali ekologik targ‘ibot ishlarini olib borib, jamoatchilik xabardorligini oshirishda ham muhim rol o‘ynaydi.
– Ekologik siyosatda va aholining ekomadaniyatini yuksaltirishda tashkilotlarning o‘zaro hamkorlikdagi sa’y-harakatlari, NNTlarning o‘rni qanday ahamiyatga ega?
– Hozirgi kunda ekologik madaniyatni shakllantirish faqat ta’lim tizimi doirasida emas, balki keng ijtimoiy hamkorlik asosida amalga oshirilishi talab etilmoqda. Davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari bu jarayonda o‘zaro bog‘liq va bir-birini to‘ldiruvchi sub’ektlar sifatida namoyon bo‘ladi.
Shu bilan birga, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirib borish muhim ahamiyatga ega. Bunda albatta, grantlar ajratish, qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, jamoatchilik nazoratini doimiy rag‘batlantirish orqali davlat ekologik tashabbuslarni yanada kengaytirib borishi muhim.
Nodavlat notijorat tashkilotlari aholining ekologik madaniyatini shakllantirishda “ko‘prik” vazifasini bajaradi. Ular davlat siyosatini to‘ldiruvchi, keng jamoatchilikka yetkazish va aholining fikrini davlat organlariga olib chiqishda muhim o‘rin tutadi.
Jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari ekologik loyihalarni tashkil etadi, ekologik tashabbuslarni amaliy bosqichga olib chiquvchi muhim ijtimoiy kuch hisoblanadi. Aynan ushbu institutlar orqali ekologik g‘oyalar jamiyatning eng quyi qatlamlarigacha yetib boradi va kundalik hayot tarziga aylanadi. Ular aholining turli qatlamlarini doimiy ravishda ekologik faollikka jalb qilib boradi. Ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlar va mahalliy jamoalar bilan ishlashda ularning imkoniyatlari keng.
NNTlar innovatsion va amaliy yondashuvlarni joriy etib, xalqaro tajribalarni milliy amaliyotga moslashtiradi. Ular jamoatchilik fikrini shakllantiradi, ekologik muammolarni joyida aniqlab, ularni hal etishda jamoaviy harakatni tashkil etadi. Shuningdek, aholining ekologik muammolarga oid talab va takliflarini davlat organlariga yetkazadi. Bu orqali ekologik qarorlar qabul qilish jarayonlarida jamoatchilik ishtirokini ta’minlaydi. Shu ma’noda ularning faolligi jamiyatda ekologik ong va mas’uliyatni shakllantirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega hisoblanadi.
Bundan tashqari, fuqarolik jamiyati institutlari sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro loyihalarni amalga oshirish, ilg‘or tajribalarni o‘rnatish va milliy amaliyotga joriy etishda alohida o‘ringa ega.
Bir so‘z bilan aytganda, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari ekologik madaniyatni oshirishda davlatning ishonchli hamkori hisoblanadi. Ularning faolligi jamiyatda ekologik ong, mas’uliyat va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantiradi. Shuning uchun ularni qo‘llab-quvvatlash, institutsional salohiyatini yanada oshirish va davlat bilan samarali hamkorligini ta’minlash ekologik barqarorlikka erishishning muhim shartidir.
O‘zA muxbiri
Muhtarama Komilova suhbatlashdi