Ekologik aksiya yoshlarni birlashtirdi
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi hamda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti hamkorligida “Kichik qadam — katta o‘zgarish sari!” shiori ostida ekologik aksiya tashkil etildi.
Unda xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashi deputatlari, Ekopartiya vakillari, partiyaning “Yoshlar qanoti” yetakchilari, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilarni kamaytirish hamda aholi, ayniqsa, yoshlarning ekologik madaniyatini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi. Chiqindilarni boshqarish, ularni saralash va qayta ishlash tizimi haqida tushunchalar berildi. Bugun ekologik muammolarning ko‘lami ortib borayotgan bir vaqtda tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish lozimligiga urg‘u qaratildi.

Aksiyaning amaliy qismi sifatida universitet hududida "Chiqindisiz kun" plogging aksiyasi va “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostida yurish marafoni tashkil etildi.

Ushbu marafon sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bilan birga, ekologik toza muhitni asrash g‘oyalarini o‘zida mujassam etdi. Shu bilan birga, yoshlarni ekologik faollikka, sog‘lom turmush tarzini tanlashga chorlagani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
M.Komilova,
O‘zA