Ekohuquqbuzarlar qo‘lga tushmoqda
Surxondaryo viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilayotgan reyd tadbirlarida tabiat kushandalari aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Termiz tumanida tashkil etilgan ana shunday tadbir chog‘ida Said Mengto‘rayev (ism-sharif o‘zgartirildi) “Surxon” daryosining Mustaqillik mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi qismida qum xom ashyosini qonunga zid olayotganida qo‘lga tushib qoldi. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 70-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n barobari – 3 million 400 ming so‘m ma’muriy jarima qo‘llanildi.


Hamkorlikdagi reyd ishtirokchilari Qumqo‘rg‘on suv omborida noqonuniy usul bilan baliq ovlashga urinish harakatlariga ham duch keldi. Ekohuquqbuzarlarning baliq ovlash uchun qo‘ygan to‘rlari va uch dona qayiq daliliy ashyo sifatida olindi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, to‘rt nafar baliq kushandasining har biri 3 million 400 so‘mdan ma’muriy jarima to‘laydigan bo‘ldi. Shuningdek, Qumqo‘rg‘on tumanidagi reydlar chog‘ida To‘g‘on mahallasi hududida Ahmad To‘rayev va Fazliddin Abdurazzoqovlar noruda material ya’ni, tosh-qum qazib olayotgani ma’lum bo‘ldi. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan birlamchi hujjatlar rasmiylashtirilib, tabiatga yetkazilgan zarar bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.


Ekohuquqbuzarliklarga qarshi reyd tadbirlari davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri