Ekoaudit atrof-muhit muhofazasi kafolati
Mamlakatimizning yangi rivojlanish bosqichida barcha sohalar kabi atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolarning inson salomatligiga salbiy ta’sirining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar barqaror rivojlanish kafolati bo‘lmoqda.
Shu ma’noda, davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida ishlab chiqarish jarayonini ekologik nazorat qilish tizimini takomillashtirish, ekologik audit o‘tkazish tartibini qayta ko‘rib chiqib, xususiy auditorlik faoliyatini jonlantirish lozimligi alohida ta’kidlangani diqqatga sazovordir.
O‘zbekistonda ekologik audit o‘tkazishning huquqiy asoslari “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonunlarning ayrim normalarida, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 8 oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Ekologik audit to‘g‘risida Nizom”da belgilangan. Lekin aytish joizki, amaldagi huquqiy xujjatlar tarqoq hamda qator normalar havola xususiyatga ega ekanligi, sohani tizimli tartibga solishning xuquqiy mexanizmlari belgilanmaganligi tufayli mamlakatimizda ekologik audit faoliyati rivojlangan davlatlar darajasidan past ko‘rsatkichlarda qolmoqda. Shuningdek, ekologik audit o‘tkazgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun rag‘batlantirishning huquqiy mexanizmlari mavjud emasligi ham ushbu tadbirni amaliyotda keng qo‘llashga to‘sqinlik qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi vaqtda respublikamizda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi 90 ta birinchi va 947 ta ikkinchi toifadagi xo‘jalik yurituvchi sub’ekt mavjud bo‘lib, 2019 yilda ulardan atigi 558 tasi vakolatli organlar tomonidan ifloslanish manbalari monitoringi bilan qamrab olingan.
Vaholanki, dunyoning aksariyat davlatlarida atrof-muhit muhofazasi va tabiatdan oqilona foydalanishni nazoratga olish maqsadida ta’sir etuvchi barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga ekologik nazorat institutining nodavlat, mustaqil maxsus turi - ekologik audit qo‘llaniladi. Xususan, AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Italiya, Shvetsiya, Niderlandiya kabi davlatlarda ekologik auditorlik faoliyati alohida qonun xujjati bilan tartibga solingan. Fransiya va Norvegiyada esa ekologik audit ishlab chiqarish xavfsizligini tekshirish va davlat organlariga xavfsizlikni ta’minlash, xavflarni o‘rganish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni qabul qilishda yordam ko‘rsatish maqsadida hamda ko‘chmas mulkni sotib olish maqsadlarida joriy etilgan.
Bundan tashqari, 1991 yildan buyon ko‘p mamlakatlarda tijorat banklari ekologik auditni beriladigan bank ssudalari bo‘yicha kelajakda to‘lov qobiliyatiga ega bo‘lmaydigan bank mijozlarini oldindan aniqlash maqsadida foydalanishni boshlagan. Bu orqali atrof-muhit muhofazasi sohasidagi qonunchilikga rioya qilmagan korxonalarga nisbatan moliyaviy choralar ko‘riladi.
Xalqaro amaliyotda auditorlik tekshiruvining ijobiy natijalari korxonaning investitsion jozibadorligini oshirish, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi faoliyatini rejalashtirish, tejamkor texnologiyalarni tanlash, ekologik boshqaruv tizimini to‘g‘ri va maqsadli tashkillashtirish imkonini yaratadi.
Yuqoridagilardan xulosa qilgan holda aytish mumkinki, ekologik audit barcha sanoati rivojlangan mamlakatlarda amalda mustahkam xuquqiy asosga ega. Rivojlangan davlatlar qonunchiligini tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, zarur huquqiy baza, xususan, ixtisoslashgan yaxlit qonunning yo‘qligi ekologik audit xizmatini tizimli joriy etishda muayyan muammolarni keltirib chiqaradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan O‘zbekiston Respublikasining “Ekologik audit to‘g‘risida”gi Konuni mamlakatimizda ekologik audit sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Qonun davlatimiz rahbarining 2018 yil 3 oktyabrdagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, ekologik auditni tartibga solishda xalqaro tajribalarni va standartlarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan. Xuquqiy xujjat keng jamoatchilikning muxokamalaridan ham o‘tkazilgan.
E’tirof etish joizki, qonun Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Norma ijodkorligini rivojlantirish Konsepsiyasi talablari asosida havolaki normalardan holi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlovchi moddalardan iborat holda ishlab chiqilgan. Shuningdek, sohani rivojlantirishda byurokratik to‘siqlarni keltirib chiqaruvchi normalar, xususan faoliyatni litsenziyalash o‘rniga shaffof mexanizm, ya’ni davlat reyestrga kiritish orqali joriy etilmoqda.
Qonun xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning o‘zini o‘zi nazorat qilishning eng samarador uslubi – ekologik audit hisobiga atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifadagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni davlat organlari aralashuvisiz ekologik nazorat bilan to‘liq qamrab olishga imkoniyat beradi. Bu esa, o‘z navbatida, yirik xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning atrof tabiiy muhitga ta’sir darajasi haqida to‘liq va ob’ektiv ma’lumotlarga ega bo‘lish imkonini yaratadi.
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘zini o‘zi nazorat qilishining eng samarador uslubligini inobatga olib, ixtiyoriy ravishda ekologik audit o‘tkazishni rag‘batlantirish maqsadida, ekologik audit sub’ekti atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida texnik jihatdan tartibga solish va normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq faoliyat yuritayotgani aniqlangan taqdirda bir kalendar yili davomida maxsus vakolatli davlat organi tekshiruviga tortilmasligi belgilanmoqda.
Mustaqillik prinsipini ta’minlash va korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida ekologik auditni ayrim toifadagi shaxslar tomonidan amalga oshirishni ta’qiqlash normasi ham inobatga olingan. Demokratik tamoillar asosida sohadagi tadbirkorlik sub’ektlariga jamoat birlashmalarini tuzish xuquqi berilmoqda va ularga sohani boshqarish va rivojlantirishga keng imkoniyatlar berilmoqda.
Qonun vakolatli davlat organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari ustidan doimiy ekologik tekshiruvlarini keskin qisqartirish, barcha korxonalarning atrof-muhitga ta’siri darajasi to‘g‘risida to‘liq va ob’ektiv ma’lumotlarga tizimli ravishda ega bo‘lish hamda ekologik audit xizmatini rivojlantirishning xuquqiy asoslarini belgilab bermoqda.
Xulosa qilib aytganda, yangi xuquqiy xujjatning amaliyotga keng tatbiq etilishi mamlakatimizda ekologik audit sohasidagi yangi xizmatlar bozorini rivojlantirish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarining faoliyatini davlat tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshirishlarni faqat qonun doirasida o‘tkazish va shu bois tekshirishlar soni keskin kamayishiga, pirovard natijada esa atrof-muhitni muhofaza qilish hamda fuqarolarga qulay va xavfsiz atrof-muhit yaratilishiga xizmat qiladi.
Mohira XO‘JAEVA,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi.
O‘zA.