“EKO PARK” – barqaror taraqqiyot va zamonaviy turizm sari muhim qadam
Bugungi kunda mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, xususiy sektor faolligini qo‘llab-quvvatlash, turizm salohiyatini oshirish va zamonaviy infratuzilmani shakllantirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, “ZARAFSHAN GOLDEN GROUP” tomonidan xalqaro hamkorlar ishtirokida barpo etilayotgan “EKO PARK” ekoturizm majmuasi ham ana shunday istiqbolli loyihalardan biridir. Ushbu loyiha mamlakatimizda investitsiyalarni jalb qilish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan islohotlar natijasidir.
– Loyiha Xitoyning Guangdong Diloni Cultural Tourism Industry Development Co., Ltd., Turkiyaning Optima Greenhouse Systems LLC kompaniyasi hamda turkiyalik malakali mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilmoqda, – deydi kompaniya ta’sischisi Ulug‘bek Fayziyev. – Bu esa yurtimizda xorijiy sarmoya uchun yaratilgan qulay muhit va ochiq investitsiya siyosati o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi. Hozirgi kunda qurilish ishlari belgilangan reja asosida bosqichma-bosqich davom etmoqda. Loyiha doirasida ekologik toza dam olish hududlari, zamonaviy avtomatlashtirilgan bolalar o‘yingohlari, madaniy va ko‘ngilochar maskanlar, oilaviy hordiq chiqarish infratuzilmasi hamda turistik xizmatlar tizimi yaratilmoqda.

Ayniqsa, mazkur majmua tarkibida barpo etilayotgan zamonaviy “Eko bog‘” loyihasi o‘zining noyob konsepsiyasi bilan ajralib turadi. Bir vaqtning o‘zida 500 nafar mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan ushbu maskanda banan, ananas, apelsin va mandarin kabi tropik o‘simliklar yetishtirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, zamonaviy brendlarning tezkor ovqatlanish maskanlari, kinoteatr, bolalar maydonchalari va turli ko‘ngilochar hududlar tashkil etiladi.
Yaqinda viloyat hokimi Normat Tursunov ushbu hududda bo‘lib, loyiha jarayonlari bilan tanishdi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, bunday yirik loyihalar mamlakatimizda xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, yoshlar bandligini ta’minlash, ichki va tashqi turizmni rivojlantirish hamda hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, ekologik madaniyatni yuksaltirish va aholi uchun yashil hududlarni ko‘paytirishga munosib hissa qo‘shadi.
Qurilish jarayonida sifat, samaradorlik va muddat masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Pudratchi tashkilotlar va mahsulot yetkazib beruvchi kompaniyalar bilan muntazam muhokamalar o‘tkazilib, barcha ishlar zamonaviy talablar asosida tashkil etilmoqda.
Albatta, bu loyiha aholi farovonligini oshirish, hududning turistik salohiyatini yuksaltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ekologik barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri