Ehtiyojmand oilalar qo‘llab-quvvatlanmoqda
Hamon koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat dunyoda ham, mamlakatimizda ham murakkabligicha qolmoqda.
Ayniqsa, keyingi paytlarda infeksiyaga chalinganlar sonining keskin oshayotgani, barchani birdek tashvishga solmoqda.
Mamlakatimizda bu ofatning ta’sirini yumshatishga qaratilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. Ushbu chora-tadbirlar doirasida ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar esa bu toifadagi oilalar uchun o‘zini o‘zi band qilgan holda barqaror tirikchilik manbalarini yaratish, ularning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish, shu tariqa kambag‘allikni qisqartirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Xalqimiz asal arini yetti xazinaning biri, deb hisoblaydi. Bu mitti hashoratning foydasi juda katta. Asalari zahri, suti, asali ko‘p dardlarga davo. Respublikamizning tabiiy iqlim sharoiti serasal o‘simliklarni ko‘paytirish, asalari oilasini boqish uchun qulaydir.
Xususan, Navoiy viloyat hokimligi ko‘magida «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi huzurida tashkil etilgan «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan viloyatimizdagi «Ayollar» va «Yoshlar» daftarlarida turuvchi 431 nafar ehtiyojmand, kam ta’minlangan, ishsiz oilalarga ularning bandligini ta’minlash maqsadida 1500 dona jami 1,5 milliard so‘mlik asalari oilasi olib berildi.
Jumladan, Xatirchi tumaniga 250 ta, Karmana tumaniga 300 ta, Qiziltepa tumaniga 300 ta, Navbahor tumaniga 250 ta, Nurota tumaniga 300 ta hamda Konimex tumaniga 100 ta jami 1500 dona asalari oilalari xarid qilinib, ehtiyojmand oilalarga tarqatildi.
Ayni paytda ehtiyojmand oilalarga asalarini to‘g‘ri parvarishlash haqida mutaxassislar tomonidan tushuntirishlar ham olib borilyapti.
– Asalari juda nozik hisoblanadi, – deydi Karmana tumanidagi «Yoshlar daftari»da turuvchi Mamarali Toshpo‘latov. – Uni to‘g‘ri parvarishlab qaralsa, yuqori daromadga erishish mumkin. Men ham «Yoshlar daftari»da ro‘yxatda turardim. Murojaat bilan chiqqan edim. Menga 5 quti asalari oilasi berishdi. Men asalarichilik bilan shug‘ullanishga qiziqaman. Xudo xohlasa bu yil asalari oilasi sonini ko‘paytirib yuqori daromad olish niyatim bor.
Ayni paytda «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi huzurida tashkil etilgan «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ehtiyojmand, kam ta’minlangan, ishsiz oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlari davom etmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA