Eh, orzulari armon bo‘lgan bolam-a...
Aslida yigirma olti yoshda barcha yigitlar ham qahramon bo‘la olmaydi.
Bu hayot qonuni, kechmish bitigi.
Ehtimol sayyoramizning qaysidir burchagida notinch dunyoning o‘sha damlarida kimningdir yigirma olti yoshda Vatan osoyishtaligi, yurtdoshlari, onaizori tinchligi uchun ko‘kragini qalqon qilishga jur’ati yo aqlu-zakovati yoki oru-nomusi yetishmay qolgan bo‘lishi ham mumkin.

Sariosiyo tumanining tog‘li hududidagi jangovar harakatlarda qatnashib, mustaqilligimizni mustahkamlash yo‘lida qahramonlik ko‘rsatgan, Vatan tinchligi, yurt obodligi uchun jonini bergan Muhiddin Eshtemirovning hayot yo‘lini tasavvur qilsam, negadir ko‘nglimga shunday fikrlar keladi. Yana shundoq qirchillama yoshida biror kasb-korning etagidan tuta olmay, ota-onasi qo‘liga qarab turgan farzandlar, jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan noqobil yigitlar, hozirgidek osuda, obod zamonga shukrona aytib yashash o‘rniga mahalla-kuyda turli “xurmacha” qiliqlar o‘ylab topadigan yoshlar ko‘z oldimdan o‘tadi. Bu xildagi yigitlarda ozgina jurat yoki shijoat, andakkina g‘urur yoki mehr-oqibat bo‘lsa, ota-onalari, qavmu-qarindoshlari, mahalladoshlari yuzini yerga qaratmay, aksincha ularga tirgak bo‘ladigan, yurt koriga yaraydigan qobil farzand bo‘lmasmidi, degan o‘y xayolimdan kechadi.

Surxondaryolik serjant Muhiddin Eshtemirov esa yigirma olti yoshida yurt uchun shirin jonidan kechib, bu dunyodan o‘ziga haykal qo‘yib ketdi. Mard, qo‘rqmas, dono o‘g‘lon sifatida umr omonatligi va uning qadriga yetib yashashning mazmun-mohiyati haqida qo‘ng‘iroq chalib ketdi. Qisqa, ammo sermazmun hayoti bilan tengdoshlari, mahalla-kuy, safdoshlari va uni tanigan barchada yaxshi xotiralarni qoldirib ketdi.
Muhiddin kamolga yetgan oilada besh qiz, to‘rt o‘g‘il ulg‘aydi. Husan bobo bilan Manzura momoning boshqa farzandlaridan ham ko‘ra, oltinchisi¬ Muhiddinga mehri bo‘lakcha edi. Boisi ziyrak, aqlli, serg‘ayrat va barchaga birdek mehribon bola edi. U ulg‘aygach, Termiz tumani “Namuna” xo‘jaligidagi yettinchi maktabda ta’lim-tarbiya oldi. Boshlang‘ich sinflardanoq tirishqoqligi bilan barcha tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib, a’lo baholarga o‘qidi. Sinfda 18 o‘g‘il, 17 qiz bola ilm oldi. Bugun nafaqat sinfdoshlari balki, maktab o‘qituvchilari uchun ham sho‘x, ilmga chanqoq, mard yigitning hayoti unutilmas xotira bo‘lib qoldi.
– Muhiddin juda a’lochi bola edi, – deya eslaydi bo‘lajak Vatan himoyachisiga boshlang‘ich sinflarda saboq bergan Bibirahima Bobomuradova. – Birinchi sinfga o‘qishga kelganidayoq aqlliligi va ziyrakligi bilan boshqa tengdoshlaridan ajralib turar edi. Uning yana bir fazilati¬ bolalikdan sinfdoshlarini ketidan ergashtirib yurish qobiliyati bor edi. Agar biror sabab bilan darsga kelmay qolsa o‘rni sezilib turgani hali ham ko‘z oldimdan ketmaydi. Tarix bilan jismoniy tarbiya faniga qiziqishi baland bo‘lganini ham hech unutolmayman. Beg‘ubor erkalanish va sho‘xligi, xotirasining kuchliligi, tirishqoqligiga barchamiz havas qilar edik. Muhiddin ana shunday boshqacha o‘quvchi, boshqacha yoqimtoy bola edi. Afsus...

M.Eshtemirov 29 yil muqaddam umumta’lim maktabini a’lo baholarga bitirib, o‘sha yili Termiz davlat universitetining tarix fakultetiga hujjat topshirdi. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalar safiga qabul qilindi. 1997 yil o‘qishni muvaffaqiyatli tugatib, muddatli harbiy xizmatga yo‘l oldi. Bir yil xizmat qilib, ota-onasi, qavmu-qarindoshlari bag‘riga qaytdi.
– Muddatli harbiy burchini o‘tab kelgach, viloyat bojxona boshqarmasiga hujjatlarini topshirdi, – deydi onasi Manzura momo. – Bojxonachi bo‘lish istagi borligini aytdi. Suhbatlardan o‘tib, uch yil kutdi. Biroq, ishga olish bo‘yicha buyrug‘i chiqmadi. Shundan so‘ng harbiy qismga hujjat topshirdi. Qarang, peshonasiga yozilgan ekanmi, 2001 yil may oyidan harbiy sohada shartnoma asosida xizmat qila boshladi. Bolaginam, harbiyda ikki oycha ishladi. Ko‘p orzusi bor edi. Hali ro‘zg‘or ham qurmagan edi. Baquvvat, polvonsifat, sho‘x, beg‘ubor, kattayu-kichikka mehribon bola edi. Harbiyga o‘tgach, so‘nggi marta kelganida qandaydir sabab bilan gapimiz sahal kelishmay qoldi. O‘shanda bir narsaga e’tibor berdim. Har safar ishga ketayotganida kuzatayotsam yo‘lga chiqqach, orqasiga tez-tez o‘girilib, toki katta yo‘lga chiqib olguncha menga qarab ketardi. Shu safar kuzatganimda ortiga qayrilib qaramadi. To‘g‘ri katta yo‘lga chiqib ketdi. Eh, o‘shandan so‘ng 2001 yil 14 iyulda shum xabar keldi. Eh, orzulari armon bo‘lgan bolam-a! Uni boshqa ko‘rish menga nasib etmadi. Shundan buyon beixtiyor ko‘chaga chiqib, bolaginamni kutaman. Kelib qolsa kerak, deb umid qilaman. Goho yotoqxonasiga kirib, undan meros bo‘lib qolgan narsalarga, rasmlariga uzoq tikilaman. Ba’zan jangarilarni la’natlab, ko‘nglimga taskin bergan bo‘laman...
Manzura momo ma’yus esga olgan 2001 yil Sariosiyo va Uzun tumani tog‘larida tinch, farovon turmushimizni buzishga uringan jangarilarga qarshi kurash olib borildi. Shartnoma asosida xizmat qilgan M.Eshtemirov ham dushman bilan beayov kurashib, Vatanga sadoqati va ona tuprog‘iga muhabbatini keng namoyon etdi.
O‘sha yili Sariosiyo tumanining tog‘li hududlarida noma’lum qurollangan shaxslarning harakatlari haqida ma’lumot olingach, serjant M.Eshtemirov xizmat qilayotgan bo‘linma shaxsiy tarkibiga jangovar vazifa qo‘yildi. Muhiddin qaltis vaziyatda razvedka-qidiruv harakatlarini olib bordi. Vaziyatning jiddiyligini inobatga olib, o‘ta sergaklik bilan harakat qildi va atrofni sinchkovlik bilan kuzatdi. Pistirmaga duch keldi. Terrorchilar bilan jangga kirishib, ikki jangarini yer tishlatdi. Pistirma tomon qo‘l granatasini uloqtirib, pistirma haqida safdoshlariga xabar berishga ulgurib qoldi. Qisqa muddat kechgan otishmada serjant Muhiddin Eshtemirov jasorat ko‘rsatib, mardlarcha halok bo‘ldi.

Termizlik botir jangchining ko‘rsatgan jasorati vafotidan so‘ng davlatimizning yuksak mukofoti – “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlariga 10.15.20 yil”, “O‘zbekiston mustaqilligiga 25 yil”, “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishonlari bilan mukofotlandi.
Ayni paytda Muhiddin ta’lim olgan maktabda uning xalqimiz tinchligi uchun ko‘rsatgan mardligi o‘z aksini topgan burchak tashkil etilgan. Harbiy qismlarda uning qasamyodiga sodiqligi o‘z ifodasini topgan surat va lavhalar yosh harbiylar uchun tom ma’nodagi ibrat maktabi vazifasini o‘tamoqda. U ulg‘ayib, voyaga yetgan mahallaga Muhiddin Eshtemirov nomi berilgan.
– O‘g‘lim Muhiddinjon Vatan himoyasida jasorat ko‘rsatganidan faxrlanaman, – deydi M.Eshtemirovning onasi M.Dillayeva. – Qisqa, ammo jasoratga to‘la umri davomida kelgusi avlodlarga ham namuna bo‘ladigan hayot yo‘lini bosdi. Mamlakatimiz ravnaqi, xonadonlarimiz osoyishtaligi uchun jonidan kechdi. Mana, shunga ham yigirma yil bo‘lmoqda. Har yili bayramlar arafasida harbiylar kelib, hol-ahvol so‘rab turibdi. Qo‘mondonlari moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlamoqda. Buning uchun davlatimizdan minnatdormiz. Bolaginamning xalqimiz va safdoshlari qalbida abadiy yashayotgani bizga quvvat bo‘lmoqda.
Ha, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 29 yilligi va 14 yanvar¬ Vatan himoyachilari kuni oldidan tinchligimiz posbonlari yana Manzura momo uyiga talpinmoqda. Ular tinch, osuda hayotimiz uchun kurashda qahramonlarcha halok bo‘lgan marhum Muhiddin Eshtemirov voyaga yetgan xonadonda bo‘lib, uning yorqin xotirasini yodga olayotir. Shu kunlarda Janubiy operativ qo‘mondonlik boshlig‘i, polkovnik Qodirjon Tursunov ham bir guruh harbiy xizmatchilar bilan mard, sodiq farzandni tarbiyalagan onaizor xonadonida bo‘lib, Manzura momo bilan suhbatlashdi, dardiga darmon bo‘ldi. Oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa tuhfalarini topshirdi. Bunday e’tibor Vatan tinchligi uchun o‘z burchini bajarish chog‘ida yaxshi nom qoldirib ketgan botir o‘g‘lon oilasining faxr hissini yuksaltirmoqda, ruhini shod etayotir. Jamiyatda mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlab, yosh avlodni yurtga muhabbat, qasamyodiga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat hissi bilan tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA