Egilgan boshni qilich kesmas
Bundan ikki yil muqaddam urganchlik Og‘abek Matkarimov va uning turmush o‘rtog‘i Zilola Matchanova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) o‘rtasidagi ahillikka putur yetdi.
Natijada, oilaning moddiy ta’minoti aro yo‘lda qoldi. Og‘abek ishlab, oilasini boqishga harakat qilmadi. Hatto, o‘z farzandining moddiy ta’minotidan ham qo‘l siltadi. Bu holdan zada bo‘lgan Zilola sudga murojaat qilib, aliment to‘lovi masalasini o‘rtaga ko‘ndalang qo‘ydi. Sudning qabul qilgan qarori Og‘abek uchun saboq bo‘lmadi. Natija takroriy sud majlisiga yetakladi. Bu safar sud mas’uliyatsiz otaga 8 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.
Bu jazodan ham o‘ziga tegishli xulosa chiqarmagan Og‘abek voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minoti uchun ikki oydan ortiq muddat davomida 11,7 mln. so‘m aliment pullarini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan. Majburiy ijro byurosi Urganch shahar bo‘limi tomonidan O.Matkarimov O‘zbekiston Respublikasi JKning 122-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda ayblanib, jinoyat ishi ayblov dalolatnomasi bilan sudga oshirilgan.
Qochoq kuyov shundan so‘nggina qilmishlari oqibatiyu, jazoning muqarrarligini tushunib yetdi. Qilmishi uchun astoydil pushaymon bo‘lib, turmush o‘rtog‘idan kechirim so‘radi. Jami 11,7 million so‘mlik aliment to‘lovini ham ado etdi. Boshqacha aytganda, o‘rtada yarashuv muhiti paydo bo‘ldi. Sud yarashuv bitimini ma’qulladi.
– Bunday qilmishim uchun bir yil muddatgacha ozodlikdan mahrum etilishim ham mumkin edi, – deydi Og‘abek. – Aybimni anglab, Ziloladan kechirim so‘raganim, u esa o‘tinchimni qabul qilgani jonimga oro kirdi. Davlatimizning kechirimlilikka qaratilgan muruvvati biz kabi adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga solibgina qolmasdan, nojo‘ya qilmishlardan ham qaytaradi.
M.Qosimova, O‘zA