Dzyudo: Yaponiya bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
O‘zbekiston dzyudo mutaxassislari, murabbiylar, sportchilar kelgusida Yaponiyadagi Tokai Gakuen universitetida tahsil olish bilan birga amaliy mashg‘ulotlarni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bu haqdagi kelishuv O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Komilov va Tokai Gakuen universiteti rektori Xisashi Ito o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumida o‘z aksini topdi.
Ta’kidlash kerakki, Tokai Gakuen universiteti yapon oliy ta’lim muassasalari orasida sport va tibbiyot fanlari fakulteti faoliyat yuritadigan dargoh hisoblanadi. Bu yerda sport fanlari, jismoniy tarbiya, murabbiylik va sport amaliyoti sohasida mutaxassislar tayyorlanadi.
Kelishuvga binoan o‘zbek dzyudochilari Yaponiyada ta’lim olishi va bir vaqtning o‘zida sport tayyorgarligini davom ettirishi uchun imkoniyatlar yaratish nazarda tutilgan.

Universitet bilan hamkorlikda qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazilib, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi murabbiylari va mutaxassislarining malakasini oshirish, seminarlar va mahorat darslarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari universitet talabalari uchun dzyudo bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazdi.
Tadbir do‘stlik va o‘zaro hurmat belgisi sifatida esdalik sovg‘alarini almashish bilan yakunlandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA