Dzyudo: Sabina Azamatova Dushanbe turnirida sovrindor bo‘ldi
Shu kunlarda Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida 21 yoshgacha bo‘lgan dzyudochilar o‘rtasida “Hoji Sharif Dushanbe Grand Prix Juniors 2026” xalqaro turniri o‘tkazilmoqda.
19 mamlakatning 227 nafar yosh dzyudochisi ishtirokida o‘tkazilayotgan xalqaro turnirning ilk kunida o‘g‘il bolalar -60, -66, -73 kilogrammda, dzyudochi qizlar -48, -52, -57, -63 kilo og‘irlikda bellashdi.

Xalqaro turnirning birinchi kungi bellashuvlarida tatamiga chiqqan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Sabina Azamatova -52 kilogrammda bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Muhammadqodir Shodmonov -60 kiloda, Maftuna Ahmedova -57 kiloda, Charos Hikmatova -52 kilogrammda, Asal Karimjonova -63 kiloda 5-o‘rin bilan kifoyalandi.
Bugun xalqaro turnirning so‘nggi kunida dzyudochi yigitlar -81, -90, -100, +100 kilogrammda, qizlar esa -70, -78, +78 kilo og‘irlikdagi bahslarda ishtirok etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA