Dzyudo: Muxriddin Tilovov Abu-Dabida sovrindor bo‘ldi
Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabida dzyudo bo‘yicha o‘tkazilayotgan "Katta Dubulg‘a" turkumiga kiruvchi nufuzli turnirning ilk kunida mamlakatimiz sportchilari bitta kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Dunyoning 77 davlatidan 450 nafar dzyudochi ishtirok etayotgan musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Muxriddin Tilovov 66 kilogrammda muvaffaqiyatli ishtirok etdi. U avvaliga turkmanistonlik Serdar Rahimovni, uchinchi davrada saudiyalik Munis Havsavini, 1/4 finalda Birlashgan Arab Amirligi vakili Narmandah Bayanmunhni, yarim finalda esa mo‘g‘ulistonlik Erxembayar Battogtohni mag‘lubiyatga uchratdi.

"Parij-2024" Olimpiadasining qimmatli reyting ochkolarini taqdim etadigan turnir finalida Tilovov "Tokio-2020" Olimpiadasi kumush medal sohibi bo‘lgan gruziyalik Vaja Margvelashvili bilan ro‘baro‘ keldi.
Shiddatli o‘tgan bellashuvda hamyurtimiz kumush, Gruziya terma jamoasi a’zosi oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur nufuzli musobaqada yurtimizning 10 nafar erkak va 6 nafar ayol dzyudochilari ishtirok etmoqda.
Bellashular 26 oktyabrga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA