Dzyudo: “Katta dubulg‘a”ning katta va kichik yutuqlari
Mo‘g‘ulistonning Ulan-Bator shahrida to‘rt kun davom etgan dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” xalqaro turniri yakunlandi.
26 iyun – xalqaro turnirning so‘nggi kunida erkaklar 90, 100 va +100, ayollar 78 va +78 kilogramm vaznda sovrinli o‘rinlar hamda Olimpiya reyting ochkolari uchun kurashdi.

90 kilogramm vazn toifasida hamyurtimiz, Olimpiya o‘yinlari sovrindori Davlat Bobonov, +100 kilogramm og‘irlikda Bekmurod Oltiboyev kurash olib bordi.
Ilk bellashuvda Oltiboyevdan omad yuz o‘girgan bo‘lsa, Bobonov dastlabki bahslarda mo‘g‘ulistonlik, rossiyalik sportchilarni mag‘lub etdi. Finalda esa 2014 yilgi o‘smirlar Olimpiadasi g‘olibi Mixail Igolnikovga ro‘baro‘ keldi va kichik hisobda imkoniyatni boy berib, kumush medalga sazovor bo‘ldi. Shu tariqa Bobonov jahon reytingi uchun 700, “Parij – 2024” olimpiadasi yo‘lida esa 350 ochkoni qo‘lga kiritdi.

25 iyun kungi bahslarda ikki nafar sportchimiz – Obidxon No‘’monov va Gulnoza Matniyozova o‘z vaznlarida bronza medallariga ega bo‘lishi ularga “Parij–2024” Olimpiya o‘yinlari uchun zarur reyting ochkolarini taqdim etdi.
Shu o‘rinda aytish lozim, 73 kilogramm og‘irlikda 3-o‘rin uchun ikki o‘zbekistonlik iste’dodli sportchi – Obidxon No‘’monov va Shahram Ahadovning kurash olib borishi xalqaro turnirning eng shiddatli va murosasiz bellashuvlaridan biri bo‘ldi. Ushbu bahs qo‘shimcha daqiqagacha davom etdi. Tajribali Shahram Ahadovning 3 ta ogohlantirishga egaligi so‘nggi soniyalarda Obidxonga g‘alaba keltirdi.
Ayollar o‘rtasida 70 kilogramm vaznda ham ikki sportchimiz bronza medali uchun kurashda duch kelishi mumkin edi. Ammo, Shohista Nazarova 3-o‘rin uchun kurashish imkoniyatini vujudga keltirgan bellashuvda qozog‘istonlik sportchi qizga yo‘l berdi. Shohistani dog‘da qoldirgan Qozog‘iston vakilasini 3-o‘rin uchun kurashda hamyurtimiz Gulnoza Matniyozova tamoshabinlar safiga kuzatib qo‘ydi.
Yakunlangan xalqaro musobaqada dzyudochilarimiz 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan umumjamoada kuchli beshlikdan joy oldi. Sovrinli o‘rinlar esa Xalqaro dzyudo federatsiyasi bayrog‘i ostida kurashgan sportchilar jamoasiga, shuningdek, Yaponiya, Mo‘g‘uliston, Isroil vakillariga nasib etdi.
“Katta dubulg‘a” turniri davomida ishtirokchi davlatlarning 30 tasidan 13 tasi medallarga ega chiqqan bo‘lsa, shundan 6 ta mamlakat terma jamoalari oltin medalga musharraf bo‘ldi. Musobaqada 17 ta milliy terma jamoalar bironta ham medalni qo‘lga kirita olmadi.
Mazkur xalqaro musobaqaning yurtimiz sportchilari uchun yana bir ahamiyatli tomoni, unda ishtirok etgan 13 nafar sportchimizdan 7 nafari yana ikki yildan so‘ng bo‘ladigan yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun zarur ilk reyting ochkolarini qo‘lga kirtdi. Shuningdek, joriy yildan terma jamoa tarkibida mustahkam o‘rin olib kelayotgan Gulnur Muratboyeva, Shohista Nazarova, Sevinch Isoqova, Kamron Nurillayev, Rahimjon Subhonov, Ramazon Allaberdiyev kabi bir qator yoshlar Mo‘g‘uliston bahslarida garchi ko‘zlangan natijalarni qayd etmagan bo‘lsa-da, dunyo dzyudosining zo‘rlari bilan kurashishining o‘zi ular uchun “Katta dubulg‘a”ning katta va kichik yutuqlari ko‘rinishini oldi. Bu esa keyingi gufuzli turniru chempionatlarda asqotishi shubhasiz.
To‘lqin RO‘ZIEV,
O‘zA