DXX kubogi g‘oliblari munosib taqdirlandi
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan Davlat xavfsizlik xizmati kubogi uchun futbol hamda mini-futbol musobaqalarida g‘olib va sovrindorlar nomi aniq bo‘ldi.
Joriy yilgi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va mamlakatimizning barcha hududlarida o‘g‘il va qizlar o‘rtasidagi mini-futbol hamda o‘g‘il bolalar orasidagi futbol bo‘yicha DXX kubogi yurtimizda mavjud 208 ta tuman va shahardagi 19 ming 698 ta mahalla futbol jamoalaridagi 251 ming 502 nafar navqiron avlod vakillarini jamladi.
Aprel-may oylarida yurtimizdagi tuman, shaharlar kesimida birinchi bosqich bahslari o‘tkazilgan bo‘lsa, iyun-iyul oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida ikkinchi bosqich musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
“Sog‘lom yoshlar – Yangi O‘zbekiston kelajagi” shiori ostida o‘tkazilgan futbol va mini-futbol bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati kubogi futbol bahslarining saralash bosqichi 19-23 avgust kunlari “Bunyodkor” futbol akademiyasi maydonlarida o‘tkazilgan bo‘lsa, final o‘yini “Jar” stadionida bo‘lib o‘tdi. So‘nggi hal qiluvchi final o‘yinida Qashqadaryo viloyatining “Arabxon” jamoasi 1:0 hisobida Toshkent viloyatining “Oq ovul” mahalla yoshlaridan ustun keldi va bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Futbol bahslarida Andijon viloyatining “Poloson” jamoasi uchinchi o‘rindan joy oldi.
[gallery-18909]
Futbol uchrashuvlarida yorqin o‘yinlari bilan ajralib turgan Qahramon Shohnazarov (Qashqadaryo viloyati) “Eng yaxshi o‘yinchi”, ajoyib gollar muallifi bo‘lgan Hikmatilla Habibullayev (Toshkent viloyati) “Eng yaxshi to‘purar”, jamoasini muqarrar gollardan saqlagan Shahzod Madaminov (Toshkent viloyati) “Eng yaxshi darvozabon” nominatsiyalari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, mini-futbol bahslarining o‘g‘il bolalar o‘rtasida “Yangi avlod” (Qashqadaryo viloyati), “Dambog‘” (Namangan viloyati), “Jo‘rabod” (Buxoro viloyati), qizlar orasida “Qarshi” (Qashqadaryo viloyati), “Chinoz” (Toshkent viloyati) va “Arnasoy-W” (Jizzax viloyati) jamoalari shohsupaga ko‘tarildi.
Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, Respublika bosqichida o‘g‘il bolalar o‘rtasida futbol va mini-futbol bo‘yicha g‘olib bo‘lgan jamoalar mahallasiga mini-futbol maydoni, ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar uchun universal sport maydoni (basketbol va voleybol o‘yinlari uchun mo‘ljallangan), uchinchi pog‘onadan joy olgan jamoalar mahallasiga “Stritbol” (bir savatli ko‘cha basketboli) sport maydoni qurib beriladigan bo‘ldi. Qizlar musobaqasida g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalar pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari barcha g‘olib va sovrindor ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan diplom, medal, sport kiyimlari va noutbuk topshirildi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA