DXA tizimi ishlamoqda, lekin muammolar ham bor...
Aholiga yana-da qulaylik yaratish maqsadida 84 Davlat xizmatlari markazida naqd pul qabul qilish tizimi joriy etildi.
Aholiga yana-da qulaylik yaratish maqsadida 84 Davlat xizmatlari markazida naqd pul qabul qilish tizimi joriy etildi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligining (DXA) navbatdagi matbuot anjumanida aytildi.
– Bugungi kunda davlat tashkilotlari oʻzlarining elektron maʼlumotlar bazasini shakllantirmoqda, – dedi DXA boshqarma boshligʻi oʻrinbosari O.Abdullayev. – Buning uchun davlat idoralari va tashkilotlarga metodik hamda texnik yordam koʻrsatilmoqda. Karantin davrida yoʻlga qoʻyilgan eng muhim qulaylik – elektron raqamli imzoni onlayn olish imkoniyati yaratilganida boʻldi. Hozirda chet davlatlarda istiqomat qiladigan fuqarolarimizga ham onlayn elektron raqamli imzoni olish imkoniyatini yaratish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida 84 Davlat xizmatlari markazida naqd pul qabul qilish tizimi joriy etildi.
Koʻrsatilgan davlat xizmatlari uchun davlat boji, yigʻimlar va boshqa toʻlovlarni elektron toʻlov tizimlari (Click, Payme, Upay, Paynet, Uzcard, Oson, Websum va barcha bank mobil toʻlov ilovalari) orqali toʻlash mumkin.
Anjumanda DXA mutaxassisi K.Xoʻjayevning fikricha, tizimda yechimini kutayotgan muammolar ham mavjud.
Jumladan, Prezident va hukumatning tegishli qarorlariga asosan, davlat organlariga davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun zarur hujjatlarni idoralararo elektron hamkorlik orqali olish va bu hujjatlarni fuqarolardan talab etishni bekor qilishni nazarda tutuvchi maʼmuriy reglamentlar loyihalarini oʻz vaqtida ishlab chiqmaslik yoki belgilangan muddatlarda hukumatga kiritmaslik holatlariga yoʻl qoʻyilmoqda.
Xususan, Sogʻliqni saqlash, Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlimi, Qurilish, Moliya, Ichki ishlar vazirliklari, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi faoliyatida bu borada kamchiliklar kuzatilgan. Natijada 2018-2019-yillarda faqat markazlar orqali koʻrsatilish lozim boʻlgan 9 xizmat oʻz vaqtida joriy etilmagan.