Dunyoning eng qashshoq prezidenti vafot etdi
Urugvayning sobiq prezidenti, dunyodagi eng kambag‘al davlat rahbari sifatida tanilgan Xose Muxika vafot etdi. Bu haqda ushbu mamlakat rahbari Yamandu Orsi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida quyidagi xabarni tarqatgan:
– Hamkasbimiz Pepe Muxikaning vafot etganini cheksiz qayg‘u bilan ma’lum qilamiz. Prezident, faol, yetakchi! Bizga qoldirgan hamma narsangiz, xalqingizga nisbatan chuqur mehringiz uchun rahmat!
Butun dunyoga mashhur marhum siyosatchini nafaqat o‘zi mansub so‘l vakillar, balki o‘ng qanot vakillari ham hurmat qilishardi. Muxikani yer yuzidagi eng qashshoq prezident, deyishlari bejiz emas. U doim qishloqdagi uyida yashagan. Hatto, yetakchiligida ham maoshining o‘ndan biriga qanoat qilib, qolganini xayriya ishiga sarfladi.
Siyosatchilar Xosening o‘limiga munosabat bildirib, Lotin Amerikasi ma’naviy yetakchisidan ayrilganini ta’kidlamoqda.
– Pepe (Muxikaning laqabi – tahririyat) qanday lozim bo‘lsa, shunday yashadi: oddiy uy, eski mashina, – dedi amaldagi Prezident. – Unda sodda yashashga jur’at bor edi. Endi o‘sha kunlarni qaytarib bo‘lmaydi.
– Marhumning aytgan gapi va qilgan ishi o‘rtasida shunday bog‘liqlik bor ediki, buni hatto safdoshlari, ya’ni chap qanot siyosatchilarda ham topish qiyin, – deydi Peruning sobiq ayollar vaziri Anaxi Durand “RIA Novosti” muxbiriga bergan intervyusida.
Boliviyaning BMTdagi vakili Diyego Pari:
– Muxika hayoti davomida muntazam namoyon etgan izchillik orqali Lotin Amerikasi davlatlari boshqa yetakchilariga o‘ziga xos yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan, dirijyorlik qilgan.
Ekvador tashqi ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Fernando Yepes ayni mavzuga munosabat bildirarkan, “Ijtimoiy adolat, tengsizlik, qashshoqlikka qarshi kurashda sobit, jamiyati, mamlakati, mintaqasi uchun bor vujudini baxsh etgan fidoyi inson olamdan o‘tdi”, dedi.
Shifokorlar Muxikada qizilo‘ngach saratoni borligini qayd qilishgan. Yil boshida u davolanishdan bosh tortdi va vatandoshlari bilan vidolashdi. Afsuski, u to‘qson yoshga kirishga atigi bir necha kun qolganda hayotdan ko‘z yumdi.
S.Rahimov, O‘zA