Dunyoning eng boy xonadonlari: ular qanday qilib davlat orttirgan?
Ilon Mask, Jef Bezos, Bil Geyts, Sukerberg kabi milliarderlarni ko‘pchilik yaxshi taniydi. Ular zamonaviy tadbirkorlar bo‘lib, IT sohasida katta yutuqlarga erishgan va qisqa fursatda dunyoning eng boy kishilariga aylanganini yaxshi bilamiz. Lekin shunday milliarderlar borki, ularning boyligi ma’lum bir shaxslarga emas, balki xonadonlarga, ma’lum oilalarga nisbat berib aytiladi. Bunday xonadonlar bir vaqtlar o‘z biznesini boshlab, katta muvaffaqiyatga erishgan hamda biznes faoliyati ham, mol-mulki ham avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan xonadonlar hisoblanadi.
Yaqinda Bloomberg reyting agentligi dunyoning eng boy xonadonlari ro‘yxatini e’lon qildi. Unda aytilishicha, Walmart va Mars oilasi dunyodagi eng boy xonadonlar ro‘yxatini boshqarmoqda. Eng boy oilalarning kuchli to‘rtligidan Walmart, Mars, Koch Industries va Hermes egalari joy olib, ular dunyoning eng badavlat xonadonlari ekani ma’lum bo‘ldi.
Reyting ma’lumotida keltirilishicha, dunyoning eng boy oilasi ro‘yxatini qatorasiga to‘rtinchi yildirki, Uoltonlar xonadoni boshqarib kelmoqda. Walmart ulgurji va chakana savdo tarmog‘i ushbu oilaga qarashli. Agentlik Uoltonlar oilasi mulkini 224,5 milliard dollarga baholamoqda.
Walmart tadbirkor Sem Uolton tomonidan 1962 yilda tashkil etilgan. Hozir oilaviy biznesga qarashli savdo do‘konlari soni dunyo bo‘yicha 10,5 mingtadan oshadi. Kompaniyaning bosh qarorgohi Arkanzas shtatida Bentonvilli shahrida joylashgan. Kompaniyaning savdo tushumi 573 milliard dollarni tashkil etmoqda. Savdo tarmog‘ining 47 foizlik aksiyasi Uoltonlar oilasiga tegishli.
Eng boy kishilar o‘ntaligiga Mars oilasi ham kiradi. Konditer hamda uzoq saqlanadigan mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Mars kompaniyasi egalarining davlati 160 milliard dollarga baholangan. Shuningdek, Kox oilasi ham eng davlatmand xonadonlardan. Amerikaning eng yirik neft-kimyo korporatsiyasi egasi bo‘lgan Koch Industrues 124,4 milliardlik davlatga egalik qilmoqda.
Saudiya podshohlik oilasi ham mana, bir necha o‘n yildirki, dunyodagi eng badavlat xonadonlar ro‘yxatining yuqorisini egallab kelmoqda, Ol-Saud xonadoni boyligi 105 milliard dollarga baholanmoqda.
Parij azaldan dunyoning modalar poytaxti deb yuritiladi. Erme oilasi milliardlarini ayni shu yo‘nalishda orttirgan. Hermes deb nom berilgan modalar uyiga egalik qilayotgan Erme oilasi hozirda davlatini 94,6 milliard dollarga yetkazib olgan. Fransiyaning yana bir modalar uyi Chanel Vertxaymer oilasiga tegishli bo‘lib, ularning davlati 79 milliard dollarga baholanmoqda.

Qishloq xo‘jaligi biznesida ham milliarder bo‘lish mumkinligini 65,2 milliard dollarlik boyligi bilan Kargill oilasi isbotlab kelmoqda. Ushbu oila Cargill kompaniyasiga xo‘jayinlik qiladi.
Tompson oilasi esa Reuters axborot agentligining nazorat paketiga egalik qiladi, oilaning boyligi hozirda 61,2 milliard dollarga baholanmoqda.
Shveysariyaning Roche Holding farmatsevtika kompaniyasi egasi bo‘lgan Xoffmann oilasining 45,1 milliard dollari bor.
Umuman, mazkur reytingga jahonning 25 ta oilasi kiritilgan. Ular orasida Germaniyaning Aldi savdo do‘konlari tarmog‘i egasi Albrext (41,4 milliard), Cox Enterprises telekommunikatsiya kompaniyasi egasi Koks (28,3 milliard) oilalari ham bor.
Osiyoda ham milliarderlar ro‘yxatining yuqorisiga intilayotgan boylar talaygina. Masalan, hindistonlik Reliance Industries xoldingi sohibi Ambani oilasi neft qazib olish va uni qayta ishlashdan 84,6 milliard dollar orttirgan. Hindistonning Hapoorji Pallonji Group qurilish kompaniyasining asosiy sohibi hisoblangan Mistri xonadoni ham milliarderlar ro‘yxatidan joy olgan.
Bloomberg reyting agentligi ma’lumotiga ko‘ra, dunyodagi eng boy 25 ta oilaning jami boyligi umumlashtirilganda 1,5 trillion dollarni tashkil etar ekan. Shu bilan birga, agentlikning ta’kidlashicha, masalan, Rokfellerlar xonadoni kabi ayrim juda badavlat oilalar boyligi ro‘yxatga kiritilmagan. Chunki xabarda ularning aktivlarini kuzatib borish juda mushkul ekani aytiladi.
Oktyabr oyi o‘rtalarida Henley & Partners konsalting kompaniyasi New World Wealth kompaniyasi bilan birgalikda o‘tkazgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, dunyo bo‘yicha boyligi million dollardan oshgan boylar soni 25 ming 490 kishini tashkil etar ekan. Ularning asosiylari texnologik va transmilliy kompaniyalar egalari, moliyachilar hamda katta boylik meros tekkan odamlar hisoblanadi. So‘nggi 20 yil davomida ularning soni ikki barobardan ham ko‘pga ortgan.
Masalan, AQSHda dunyo millionerlarining 38 foizi (9 ming 730) istiqomat qiladi. Xitoy va Hindiston tegishlicha (2021) ikkinchi va (1132) uchinchi o‘rinlarni eallagan. Ularni Buyuk Britaniya ta’qib qilmoqda. Britaniya qirolligida hozir 968 nafar millioner yashaydi, beshinchi o‘rinda Germaniya (966) bormoqda. Kuchli o‘ntalikdan Shveysariya (808), Yaponiya (765), Kanada (541), Avstraliya (463) ham joy olgan. Top-o‘ntaliknnig oxirgi qatorida Rossiya boylari joylashgan (435). Dunyoning yirik iqtisodiy davlatlaridan hisoblangan Fransiya (380) va Italiya (298) mazkur ro‘yxatning kuchli o‘ntaligidan joy topa olmadi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, yaqin yillarda eng boy kishilar soni Osiyo va Afrikada tez o‘sadi. Yana bir ma’lumot: Hurun Report reyting kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 124 nafar ayol milliarderlar bor ekan. Ular boyliklarini o‘zlari yaratgan badavlat biznes ayollari hisoblanadi. Dunyodagi jami ayol milliarderlarning uchdan ikki qismi Xitoyda yashashi ma’lum bo‘ldi. Masalan, AQSHda ayol milliarderlar soni atigi 25 nafarni tashkil etsa, uchinchi o‘rinda borayotgan Buyuk Britaniya ayollari 5 nafarni tashkil etadi.

Xitoyda milliarder ayollar davlatini faqat meros evaziga orttirmagan. Ular oddiy ayollardan bo‘lib, mustaqil ravishda, o‘zlarining bilimi va mehnatsevarligi evaziga biznesda katta yutuqlarga erishgan. Masalan, biri jurnalist, boshqasi hisobchi, hatto oralarida bir vaqtlar cho‘chqa va o‘rdak boqqanlari ham bor. Hozirda esa ushbu “ojiza” milliarderlar bilan dunyoning Apple, Google va Microsoft kabi gigant kompaniyalari hamkorlik qilib kelmoqda. Ularning biznesiga hatto Jorj Sarosdek mashhur investorlar sarmoya jalb qilmoqda.
Insoniyat ikki yildan ziyod vaqt koronavirus pandemiyasini boshdan kechirdi. Bu ofat ko‘p odamlarning boshiga kulfat keltirdi, davlatlarni bankrotga uchratdi, ijtimoiy inqirozlarni chuqurlashtirdi. Lekin sayyoramiz aholisini qiyin ahvolga solib qo‘ygan ofat kimlargadir omad keltirdi.
Ma’lumki har yili Davosda biznes olamining eng taniqli vakillari ishtirokida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi.
– "Milliarderlar Davosga boyliklari kutilganidan ham ortiq ko‘payganini nishonlashga keladi” – deydi Oxfam xayriya tashkiloti direktori Gabriela Bushe kinoya bilan.
Quyidagi raqamlar bilan tanishib chiqsangiz, uning kinoyasida jon borligiga ishonch hosil qilasiz.
Masalan, koronavirus boshlangan 2020 yilda dunyoda 573 ta milliarder paydo bo‘lgan. Ularning jami boyligi pandemiya davrida 3,78 trillion dollarga ortdi va hozir 12,7 trillion dollarni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich dunyo yalpi ichki mahsulotining 13,9 foiziga teng.

Yana bir qiziqarli ma’lumot: dunyoda har 30 soatda yangi milliarder paydo bo‘larkan, hozir ularning soni 2668 kishidan oshib ketgan. Shu bilan birga, har 33 soatda bir million kishi qashshoqlar toifasiga, ya’ni kuniga 1,9 dollarga yashaydiganlar safiga kiritiladi, deyiladi tashkilot e’lon qilgan hisobotda. Gabriela Bushening ta’kidlashicha, pandemiya davrida oziq-ovqat sektorida 62 ta yangi milliarder paydo bo‘lgan, ularning 40 tasi farmatsevtika sohasida ekani ham kimlarningdir kulfati boshqalar uchun bayram bo‘lganidan dalolat.
Masalan, pandemiya davrida oziq-ovqat hamda energetika mahsulotlari narxlarining keskin oshib ketishi, oddiy qilib aytganda, korchalonlar uchun haqiqiy xazina bo‘lib chiqdi. Aksiga olib, ayni shu davrda jahon hamjamiyati tomonidan qashshoqlikka qarshi kurashda o‘nlab yillar davomida erishilgan yutuqlar butunlay barbod bo‘ldi. Millionlab odamlar narxlar oshib ketishi natijasida bor-budini oziq-ovqat sotib olish uchun sarflashga majbur bo‘ldi. Afsuski, bu qanchalik achchiq bo‘lmasin, ayni haqiqat. Bularning barchasi sayyoramizda moddiy, huquqiy tengsizlik borgan sari chuqurlashib borayotganini bildirmaydimi? Xalqaro hamjamiyat bu kabi global muammolarning oldini ololmayotganidan dalolat emasmi?
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA sharhlovchisi