Dunyodagi urbanizatsiya muammolariga qanday yangi yondashuvlar kerak?
Jahonda urbanizatsiya jarayonlari jadal kechayotgan bir paytda shaharlarni rejali rivojlantirish, aholini munosib uy-joy bilan ta’minlash va xavfsiz yashash muhitini yaratish masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi, aholi sonining ortishi va infratuzilmaga bo‘lgan bosim shaharlarning barqaror taraqqiyotiga yangi yondashuvlarni talab qilyapti.
Shu nuqtai nazardan, Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning13-Butunjahon urbanizatsiya forumi global muammolarga yechim izlashda muhim muloqot maydoni sifatida e’tirof etilmoqda.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) loyiha rahbari Suhrob Mahmudov bu haqda quyidagilarni ma’lum qildi:
– “Dunyoni uy-joy bilan ta’minlash: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda jamoalar” shiori ostida o‘tayotgan forumda dunyoning 182 mamlakatidan 40 mingdan ortiq vakil qatnashmoqda. Bu esa urbanizatsiya masalasi bugungi kunda nafaqat alohida davlatlar, balki butun jahon hamjamiyati uchun dolzarb mavzulardan biriga aylanganini ko‘rsatadi.
2016-yilda Kitoda qabul qilingan Yangi shahar kun tartibi forum muhokamalari uchun asosiy dasturiy hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjat 2036-yilgacha shahar rivojlanishi bo‘yicha global tamoyillarni belgilab berishi bilan ahamiyatli. Shu bois, forum doirasida vazirlar darajasidagi uchrashuvlar bilan bir qatorda, fuqarolik jamiyati, xususiy sektor va xalqaro tashkilotlar vakillarini birlashtirgan tematik yig‘ilishlar ham tashkil etilmoqda.
Xususan, mazkur yig‘ilishlarda ayollar va yoshlarga oid masalalardan tortib, shaharlarning kelajagini shakllantirishda fuqarolik jamiyati hamda xususiy kompaniyalarning o‘rnigacha bo‘lgan keng qamrovli mavzular muhokama qilinyapti. Bu esa urbanizatsiya jarayonini faqat infratuzilma bilan emas, balki inson kapitali va ijtimoiy ishtirok bilan ham bog‘liq holda ko‘rish zarurligini anglatadi.
Forumning eng diqqatga sazovor maskanlaridan biri sifatida 3,5 gektar maydonda tashkil etilgan “Urban Expo Zone” ko‘rgazmasi alohida e’tirof etilyapti. U WUF tarixidagi eng yirik ko‘rgazma hisoblanib, unda dunyoning 217 ta tashkilotidan mutaxassislar ishtirok etmoqda. Shuningdek, 66 ta mamlakat innovatsion shahar yechimlari, uy-joy loyihalari va barqaror rivojlanish tashabbuslarini namoyish etuvchi milliy pavilonlari bilan qatnashyapti.
Forumda bildirilgan fikrlarga ko‘ra, hozirga qadar qariyb 160 ta mamlakat milliy shahar siyosatini qabul qilgan yoki ishlab chiqmoqda. Ularning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i arzon turar joy dasturlarini joriy etgan bo‘lsa-da, BMT-Habitat ma’lumotlariga asosan bu harakatlar hali yetarli emas. Chunki bugungi kunda 1,1 milliarddan ortiq inson xaroba yoki norasmiy maskanlarda yashamoqda. So‘nggi o‘n yil ichida mazkur raqam yana 120 million kishiga oshgani esa muammoning qanchalik jiddiy ekanini ko‘rsatadi.
Tahlillarga ko‘ra, 2050 yilga borib shaharlar jahon aholisi o‘sishining uchdan ikki qismini ta’minlaydi. Shuningdek, 2035 yilga kelib dunyodagi kambag‘al aholining aksariyati shahar hududlarida yashashi kutilmoqda. Hozirning o‘zida taxminan 3 milliard kishi munosib uy-joy bilan ta’minlanmagani turar joy masalasi global taraqqiyotning asosiy chaqiriqlaridan biri bo‘lib qolayotganini anglatadi.
Shu jihatdan qaraganda, turar joy masalasi BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasidagi 17 ta maqsadning 15 tasi bilan bevosita bog‘liq hisoblanadi. Ayniqsa, munosib turar joy va asosiy xizmatlarni ta’minlashga qaratilgan 11-maqsad mazkur yo‘nalishdagi markaziy vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham so‘zga chiqib, shaharsozlik va barqaror urbanizatsiya sohasida qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, davlatimiz rahbari barcha hududlarda aholi uchun teng yashash sharoitlarini yaratish maqsadida hamkor davlatlarni shaharlarni rivojlantirishda “mutanosib urbanizatsiya” tamoyilini keng joriy etishga chaqirdi.
Shu bilan birga, standartlar va ilg‘or tajribalar almashinuvini tizimli ravishda ta’minlaydigan “Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi”ni tashkil etish taklifi ham bildirildi. Bu tashabbus shahar boshqaruvida innovatsion yechimlarni keng joriy etishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston 2027 yilda Samarqand shahrida uy-joy qurilishiga moliya va investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha yangicha yondashuvlarga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, 2030 yilda Butunjahon urbanizatsiya forumining 15-sessiyasini Yangi Toshkent shahrida o‘tkazish hamda “Shaharlarning barqaror rivojlanishida mahalla institutining o‘rni” mavzusini forum kun tartibiga kiritish taklif etildi.
Global iqlim o‘zgarishi sharoitida Prezident Shavkat Mirziyoyev tabiat bilan uyg‘un “yashil shaharlar”ni barpo etish maqsadida BMT-Habitatning “Yashil shahar” xalqaro mukofotini ta’sis etish tashabbusini ham ilgari surdi. Bu taklif ekologik barqarorlikni ta’minlash va shaharlarning iqlim o‘zgarishiga moslashuvini kuchaytirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlanmoqda.
Ma’lum qilinganidek, forum 22 may kuni “Boku harakatga chaqiruvi” hujjatining qabul qilinishi bilan rasman yakunlanadi. Mazkur hujjat munosib turar joy va barqaror shahar rivojlanishi sohasidagi global taraqqiyotni jadallashtirishga qaratilgan asosiy natijalar to‘plami sifatida e’lon qilinishi kutilmoqda. Bu esa forum nafaqat muloqot maydoni, balki aniq siyosiy majburiyatlar shakllantiriladigan muhim xalqaro platformaga aylanganini yana bir bor namoyon etmoqda.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.