Dunyoda hech qachon urush bo‘lmasin
Surhondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i, polkovnik Po‘latjon Sotvoldiyev boshchiligidagi bir guruh harbiy xizmatchilar va sektorlar rahbarlari, faollar ishtirokida vohada istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xonadonida bo‘lib, ularni bayram bilan tabrikladi.
Prezidentimiz tomonidan yo‘llangan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Bir martalik pul mukofoti, “Mustaqillik monumenti” statuetkasi va bayram sovg‘alari topshirildi.

–Bizning eng kuch-quvvatga to‘lgan davrimiz hayotning jiddiy sinovlari bilan o‘tdi, – deydi Jarqo‘rg‘on tumanidagi Loyqand mahallasida yashovchi Ro‘zi bobo Abdullayev. – Nomi o‘chgur urush maydonlarini kechib, dushman bilan jang qildik, ko‘plab do‘stlarimiz, yaqinlarimizdan ayrildik. Ocharchillikka duch keldik. Endilikda bizga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklarga shukrona aytib, har tong dunyoda tinchlik bo‘lishini tilaymiz. Shunday osuda, obod hayotni yaratib berayotgan davlatimiz rahbariga uzoq umr, boshlagan barcha ezgu ishlari ruyobga chiqishini so‘rab, duo qilamiz.

–Bu yil bir kam yuz yoshga to‘ldim, – deydi Boysun tumani Sayrob mahallasida yashovchi Jumaqul bobo Qulliyev. – So‘nggi yillarda biz urush qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar yoshimizga yosh qo‘shmoqda. Farzandlarimiz, nevara, chevara va evaralarimiz qurshovida baxtiyor yashayapmiz. Davlat va jamaot tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar va tibbiyot xodimlari tez-tez holimizdan xabar olib turibdi. Bayramlar bilan tabriklamoqda. Bularning barchasi uchun Prezidentimizdan bir umr minnatdormiz. Ilohim, dunyoda hech qachon urush bo‘lmasin.

Surxondaryo viloyatida 14 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi yashamoqda. Shu kuni hayot yo‘li yoshlar uchun ibrat maktabi vazifasini o‘tayotgan mard, jasur otaxonlar eng tajribali harbiy shifokorlarning tibbiy ko‘rigidan o‘tkazildi.
Harbiy san’atkorlarning diltortar qo‘shiqlari keksa avlod vakillari uchun bayram tuhfasi sifatida ijro etildi.


Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri