Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Yevropa Ittifoqi va Turkiya o‘rtasida so‘nggi 6 yilda ilk bor Oliy darajadagi iqtisodiy muloqot (HLED) o‘tkazildi.
Yig‘ilishda YeI komissarlari Dombrovskis va Kos hamda Turkiya moliya vaziri Shimshek ishtirok etdi.

– Uchrashuvda Turkiyadagi iqtisodiy islohotlar, sarmoyaviy muhitni yaxshilash, shuningdek xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi, – deyilgan Yevrokomissiya saytida berilgan xabarda.
Amerikaning “USS Carl Vinson (CVN-70)” samolyot tashuvchi kemasi Guam orolidan Yaqin Sharq tomon yo‘lga chiqdi.

Aprel oyi ikkinchi yarmida manzilga yetib keladigan kema “USS Harry Truman” samolyot tashuvchisiga qo‘shiladi.
Britaniya ko‘chasida sochilib ketgan yuzlab maxfiy harbiy hujjat topildi

Nyukasl ko‘chalaridan birida askar unvoni, elektron pochta manzili, ish jadvali va qurol berish tafsilot, shuningdek aslaha saqlash omboriga kirish va bosqinni aniqlash tizimi bilan bog‘liq maxfiy harbiy ma’lumotlar aks etgan qog‘ozlar to‘plami topildi.
– Moliya vazirligi masalani tezkorlik bilan ko‘rib chiqayotgani, ichki tekshiruv o‘tkazayotgani ma’lum qilindi, – deyilgan BBC telekanali tarqatgan xabarda.
NATO 2025 yil Ukraina xavfsizligi uchun qancha mablag‘ sarflagan?
– NATO davlatlari 2025 yilning uch oyida Ukraina xavfsizligini qo‘llab-quvvatlash uchun 20 milliard yevroga yaqin mablag‘ ajratdi, – dedi tashkilot Bosh kotibi Mark Ryutte 3-4 aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Ittifoqchilar Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.
Tramp Saudiyaga kelganda Suriya rahbari bilan uchrashadimi?

AQSH Prezidenti Donald Tramp may oyi o‘rtalarida Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida Suriya yetakchisi Ahmad Al-Shara’ bilan uchrashadi, deya xabar tarqatdi Isroilning i24 telekanali suriyalik manbaga tayanib.
Qayd etilishicha, uchrashuv Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning vositachiligi va ko‘magida tashkil etiladi.
Myanma zilizilasi qurbonlari soni 3564 ming kishiga yetdi

Xitoy Markaziy televideniyesi tarqatgan xabarga ko‘ra, Myanmada 28 mart kuni sodir bo‘lgan zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 3564nafarga yetgan. Bundan tashqari 5012 kishi jarohatlangani qayd etilgan.
– So‘nggi statistik ma’lumotga ko‘ra, hali 210 insonning taqdiri noma’lum, – deyilgan axborotda.
Britaniya giper tovushli raketa dvigatelini sinovdan o‘tkazdi

– AQSH bilan hamkorlikda amalga oshirilgan sinov muvaffaqiyatli yakunlandi, – deyilgan Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi e’lon qilgan bayonotda. – Britaniya olimlari giper tovushli dvigatelni hal qiluvchi sinovdan o‘tkazdi. Mazkur muvaffaqiyat ikki davlat hukumati yaqin hamkorligi natijasidir. O‘t oldiruvchi tizim ilg‘or giper tovushli qanotli raketani quvvatlantirishga mo‘ljallangan.
S.Rahimov tayyorladi.
O‘zA