Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
-
BMT: qudratli davlatlarda
o‘zaro ziddiyatni bartaraf etish mexanizmi yo‘q
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning fikricha, hozir Sovuq urush davridagidek super kuchlar o‘rtasida ziddiyatni bartaraf etish mexanizmi yo‘q.
– Sovuq urush davrida haqiqatan uchinchi jahon urushining jiddiy xavfi bo‘lsa-da, muayyan tartib ham bor edi, – dedi u matbuot anjumanida. – Vaziyat nazoratdan chiqib ketsa, ikki tomon birga o‘tirib, muammoni hal qilardi. Bugun esa shunday an’ana mavjud emas. Binobarin, hali uchinchi jahon urushining oldini olish uchun vaqt bor.
Nigerda 100 dan ziyod terrorchi yo‘q qilindi
Niger Qurolli kuchlari mamlakat janubi-g‘arbidagi Tillaberi mintaqasida olib borilgan harbiy amaliyot doirasida 100 dan ziyod terrorchini yo‘q qildi. Bu xabarni RTN telekanali tarqatgan.
Aytilishicha, aksil terror harakati natijasida harbiylardan ham besh kishi halok bo‘lgan, 27 nafari yaralangan.
Malida vaziyat keskin
Mali transport va infratuzilma vazirligi poytaxt Bamako xalqaro aeroportiga kirish vaqtincha cheklanganini e’lon qildi.
– Terrorchilar xalqaro aeroport yaqinidagi jandarm maktabini nishonga olgandan keyin turli xavf-xatarning oldini olish maqsadida aeroportga kirish vaqtincha to‘xtatildi, – deyilgan tegishli departament ijtimoiy tarmoq orqali e’lon qilgan bayonotda. Cheklovni bekor qilish bo‘yicha harakat davom etyapti. O‘zgarish haqida xabar qilinadi.
“Frans Press” agentligi yozishicha, Bamako aeroporti hududida qurolli to‘qnashuv xavfi hali yo‘qolgani yo‘q.
Avvalroq aeroport va jandarmeriya maktabiga uyushtirilgan hujum uchun javobgarlikni “Al-Qoida” guruhi zimmasiga olgani ma’lum bo‘lgandi.
NATO mudofaa vazirlari yig‘ilishi 17-18 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi
– NATOga a’zo mamlakatlar mudofaa vazirlari 17-18 oktyabr kunlari Bryusseldagi qarorgohda yig‘ilish o‘tkazadi, – deyilgan Alyans matbuot xizmati tarqatgan xabarda.
Majlisga Bosh kotib raislik qiladi.Amaldagi bosh kotib Yens Stoltenberg 1 oktyabr kuni lavozimini Mark Ryuttega topshiradi.
YeK yangi tarkibida ayollar 40 foizga yetadi
Yevropa komissiyasining yangi tarkibi 40 foiz ayollardan iborat bo‘ladi va ular ko‘proq vitse-prezidentlik lavozimiga ega bo‘ladi. YeI rahbari Ursula Fon der Lyayen Yevropa Parlamentidagi fraksiyalar rahbarlariga 2029 yilgacha faoliyat olib boradigan mutaxassislar bo‘yicha taklif taqdim qilganda shu haqda ham gapirdi.
– Ayollar 40, erkaklar 60 foizni tashkil qiladigan tarkibga erishdik, – degan u. – Komissiya raisi o‘rinbosarlari orasida to‘rt ayol, ikki erkak bo‘ladi.
Armanistonda modulli AES quriladi
Armaniston modulli atom elektr stansiyasi qurish bo‘yicha strategik qaror qabul qildi. Ushbu ma’lumotni mamlakat Bosh vaziri Nikol Pashinyan tasdiqladi.
Hukumat rahbari ta’kidlashicha, bunday majmua qurish texnologiyasi Rossiya, Fransiya va Janubiy Koreyada bor, Qo‘shma Shtatlar esa ayni yo‘nalishda ko‘proq muvaffaqiyatga erishgan.
– Mamlakat kichik modulli AESga ega bo‘lish maqsadida strategik qaror qabul qildik, – dedi u. – Qator davlatlar shunday texnologiyani qo‘llash bosqichida, Rossiya, Fransiya, Janubiy Koreya ayni yo‘ldan boryapti. AQSH bu borada ancha ilg‘or.
Estoniya Rossiya bilan chegara yaqinida yangi harbiy baza ochdi
Estoniya janubida, Rossiya bilan chegara yaqinida yangi harbiy baza ishga tushdi. Bu haqda ERR teleradiokompaniyasi ma’lum qildi.
– Rido nomli 14 binodan iborat majmua Voru shahri yaqinidagi Juba qishlog‘ida ochildi, – deyilgan bayonotda. – Bu joyda ikkinchi Estoniya brigadasi va NATO mamlakatlari umumiy qo‘shini joylashtirilishi kutilmoqda. Ushbu bazadan “Mudofaa rejasiga muvofiq tayyorgarlik ko‘rish uchun yig‘ilish nuqtasi” sifatida foydalanish ko‘zda tutilgan.
Moskva Yevropada NATO qo‘shinlari to‘planishidan ko‘p bor xavotir bildirgan. Kreml RF hech kimga tahdid qilmasligi, lekin davlat manfaatiga ehtimoliy hech bir xavfli harakatni e’tiborsiz qoldirmasligini ta’kidlab keladi.
S.Rahimov, O‘zA