Dunyo sport olamining eʼtibor markazida yana Oʻzbekiston
Ulkan gʻalabalarga, tarixiy yutuqlarga tinimsiz mehnatlar, izlanishlar orqali erishiladi.
Ulkan gʻalabalarga, tarixiy yutuqlarga tinimsiz mehnatlar, izlanishlar orqali erishiladi. Mamlakatimizda qisqa fursatda jismoniy tarbiya va sport, xususan boks yoʻnalishida qoʻlga kiritilayotgan muvaffaqiyatlarning tak zaminida ayni holat mujassam.
Oʻtgan yili yurtimiz bokschilarining Yekaterinburgdagi gʻalabalari tafti hali “sovimasdan” kuni kecha AQSHning Mayami shahrida professional boksning WBA va IBF yoʻnalishlari boʻyicha yarim yengil vazn (-55,34 kg) toifasida hamyurtimiz Murodjon Ahmadaliyev amerikalik Daniel Romanni 12 raundlik murosasiz jangda magʻlub etib, tarixiy gʻalabaga erishganligi yana dunyoning eʼtiborini Oʻzbekistonga qaratdi.
Ha, bugun dunyo sport olamining eʼtibor markazida yana Oʻzbekiston, Oʻzbek boksi.2016-yilgi Olimpiya oʻyinlari bronza medali sohibi, Osiyo chempioni, havaskor bokschilar oʻrtasida jahon chempionati sovrindori hamyurtimiz Murodjon Ahmadaliyevning ushbu gʻalabasining tarixiy ekanligi shundaki shu paytgacha professional boksdagi qisqa, lekin sermahsul faoliyati mobaynida hali hech bir bokschi yaqin 50 yil oraligʻida Leon Spinks tomonidan “asr gʻalabasi” nomini olgan natijani takrorlamagan edi.
Bunday deyishimizga sabab, oʻshanda yaʼni, bundan 42 yil muqaddam afsonaviy bokschi Muhammad Alini “boks bilan xayrlashuv” uchrashuvida yosh, intiluvchan Leon “keksa” Alini ringdan bosh egib chiqishiga erisha olgandi. Jang esa Spinksning professional boksdagi 8-musobaqasi va 8-gʻalabasi sifatida tarixga kirgan edi. Bugun jahon professional boks tarixida ushbu olamshumul natijani Oʻzbekning qora koʻz oʻgʻloni, Namanganda kamolotga erishgan Murodjon Ahmadaliyev qayd etdi.
Aslida bu jang 2019-yilning 14-sentyabrida oʻtkazilishi lozim edi. Biroq jangga 10 kun qolganida Roman yelkasidagi jarohatni bahona qilib, uchrashuvga “chap” bergandi. Hamyurtimiz esa oʻshanda kolumbiyalik chapaqay Uilner Satouinni 10 raundga moʻljallangan bahsning 4 raundidayoq taslim qilib, WBA va IBF kamarlarining haqiqiy daʼvogari sifatida oʻzini yana bir karra namoyon etdi.
Oʻtgan toʻrt oylik “nafas rostlash” ham amerikalik Daniel Romanni Murodjonning mushtidan asrab qololmadi. Shiddatli va murosasiz kechgan 12 raundlik jang deyarli toʻliq Murodjoning ustunligida oʻtdi.
Hakamlarning ikki nafari 115:113 hisobida hamyurtimizning gʻalabasini qayd etgan boʻlsa, uchinchi referi 113:115 hisobini Roman foydasiga yozib qoʻydi.
“Oʻzbeklar jahon boksiga yangi ob-havo olib kelyapti”
-Shunday ajoyib yigit bilan dunyo boksida ajoyib gʻalabaga erishganimdan baxtiyorman. Murodjonda hali hech bir bokschida uchramagan oʻziga xos xislat bor. Ringdan tashqarida umuman boshqa odam. Mehribon, quvnoq, hammaga yordamga oshiqqan koʻngilchan. Ringda esa shu qadar kuch-qudratga ega boʻladiki, uni tanimay qolasiz. Unda tabiat inʼom etgan yuksak isteʼdod, bilim va salohiyat mujassam. Men u bilan ilk bor shugʻullana boshlaganimda, bu Oʻzbek yigiti hali dunyoning koʻplab nomdor bokschilariga “bosh ogʻriq” tugʻdiradi, degandim. Aytganimdek boʻldi. Bugun u bir emas, ikki yoʻnalishda jahon chempioni. Dunyo professional boks tarixida Muhammad Ali, Mayk Tayson, Djo Freyzer, Djordj Forman, Oskar De Lya Xoyya, Genri Armstrong, Xulio Sezar Chaves, Pernell Uitaker, Roy Jons kabi kuchlilar qatoridan joy egalladi, deyishimizga barcha asoslar bor. Murabbiyning, promuoterlik kompaniyasining, uni qoʻllab-quvvatlagan ming-minglab muxlislarning baxti ham shunda. Ayniqsa, uni shu darajaga yetishida ilk boks sirlarini oʻrgatgan ustozlari qatorida bugun unga ozgina boʻlsa-da xizmatim singan meni ham bu gʻalaba yutugʻim, deb bilaman, — deydi Ahmadaliyevning professional boksdagi murabbiyi amerikalik Djastin Gamberg.
Shu oʻrinda, M. Ahmadaliyevning shu darajaga erishishida mamlakatimizda boks sportiga hukumat darajasidagi eʼtiborni eʼtirof etgan holda Oʻzbekiston boks va professional boks federatsiyalarining xalqaro sport tashkilotlari, promuoterlik kompaniyalari bilan oʻrnatilgan hamkorlik aloqalari samarali boʻlayotganligini va bu Oʻzbekistonning jahon sport olamidagi yutuqlariga munosib taʼsir koʻrsatayotganligini aytib oʻtmoq joiz. AQSHda faoliyat olib borayotgan “Jahon boksi” promuoterlik kompaniyasi ana shunday xalqaro boks uyushmalaridan biri. Ushbu boks kompaniyasida bugungi kunda dunyoning 100 nafarga yaqin mahoratli va dongdor sportchilari shugʻullanishadi. Oʻrnatilgan hamkorlik aloqalari natijasida hamyurtlarimiz Shaxram Gʻiyosov va Murodjon Ahmadaliyev bundan ikki yil muqaddam Osiyo chempionatidan soʻng ushbu promuoterlik kompaniyasida shugʻullana boshlagandi.
-Oʻzbek hamkasblarimizdan ajoyib sportchilarni yetishtirib berayotganligidan minnatdormiz. Oʻshanda aytgandim, hali koʻrasizlar, Oʻzbekistonning shiddatli sportchilari Amerikani larzaga keltiradi, degandim. Shunday boʻldi. Yaqin vaqtda Gʻiyosovning ham “yurishi” boshlanadi. U ham oʻziga xos, kutilmagan texnik, taktik harakatlari bilan koʻplab boksning eng zoʻriman, deb yurganlarga ringning taftini bildirib qoʻyishiga ishonaman. Umuman, Oʻzbek professionallari 21 asrda boksga yangi ob-havo olib kelyapti. Ular har qanday eʼzozga, maqtovga munosib, -deydi “Jahon boksi” promuoterlik kompaniyasi prezidenti Andrey Ryabinskiy jurnalistlarga bergan intervyusida.
Ajdodlarning munosib vorisi
Buloq togʻlar bagʻrida koʻz ochib, tiniq obi-hayotning toshlar aro yoʻl izlagan manzaraga nigohingiz tushganmi? Oʻzbekiston sportchilarining mustaqil jamoa sifatida harakatlari oʻsha 1991-1994-yillardagi koʻrinishini eslatadi. Katta musobaqalarda ishtirok etish, uning xat-hujjatlarini rasmiylashtirish shu darajada mashaqqatli ediki, hattoki ingliz, ispan yoki yaqin-uzoq qardosh mamlakat Turkiyadagi xalqaro turnirda qatnashish uchun yoziladigan oddiy bayonnoma qoidalarini toʻldirish uchun qaysidir institutu tashkilotlardan til biladigan odam izlanardi. Biladiganlar esa yakkam-dukkam edi. Bugun esa oddiygina ingliz tilida biron hujjatni rasmiylashtirish trener-mutaxassislarni qoʻya turaylik, mahoratli, dunyo tanigan sportchilarimiz uchun ham oddiy bir yumushday gap boʻlib qoldi. Bugun ming-minglab yoshlarimiz uchun “sehrli diyor” boʻlmay qolgan Amerika boʻladimi yoki “yovvoyi”ligini yoʻqotib, turfaligi oydinlashgan Afrikaga borib-kelishmi Oʻzbekning dunyo koʻrgan yoshlariga “choʻt emas”.
Esimda, oʻsha “it egasini tanimaydigan” gʻala-gʻovurli davrlarda Artur Grigoryanning professional boksdagi ilk gʻalabalari. Toshkent koʻchalarini toʻldirib, qanchalik quvongan, qalban iftixor tuygan kunlarimiz...
Professional boksdagi ilk jangini 2018-yil 10-martida argentinalik David Pazga qarshi boshlagan Murodjon juda qisqa fursatda ulkan dovonni bosib oʻta olishga erishdi. U bu yoʻlda Amerika, Argentina, Meksika kabi qator davlatlarning katta tayyorgarlikka ega boʻlgan, chempionlikka daʼvogar bokschilarni yengib, yuksak natijaga erishishi ham kamdan kam sportchiga nasib etadigan jarayon. Bugun nafaqat Namanganning Chustida Murodjonning ota-onasi Qahhor aka va Oyisha onalar xonadonida, balki butun Oʻzbekiston atalmish KATTA OILADA GʻURUR, IFTIXOR, YORQIN ORZULAR tantanasi hukmronlik qilmoqda. Demak, uddalasa boʻlarkan, demak yorugʻ niyatlar albatta amalga oshishi mumkin ekan, degan nekbin, pokiza istaklar boychechaklardek boʻy koʻrsatmoqda.
Murodjonning jahon boks tarixiga bosgan muhri bu, bitta Oʻzbekning emas, balki turkiy tilda soʻzlashuvchi oʻnlab qardosh va jondoshlarimizning ham boks maydonida abadiyatga daxldor timsoli boʻlib qolajak. Zero, kuni kecha Prezidentimizning unga yoʻllagan tabrigida aytilgandek,“Murodjon oʻgʻlim, Sen ringda oʻzbek yigitlarining jismoniy, ruhiy va maʼnaviy jihatdan barkamolligini, hech qachon kuragi yerga tegmagan buyuk ajdodlarning munosib vorisi ekanligingni koʻrsatding” va “mustaqil Oʻzbekiston sporti tarixida mutlaqo yangi va yorqin sahifa ochgan ushbu olamshumul zafar sohibi boʻlgan Sen kabi jasur va vatanparvar oʻgʻlonlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz”.
“Shon-shuhrat uchun shugʻullanmaganman”
Shu onlarda uning boksdagi ilk murabbiyi Qobiljon Karimov, Murodjonga boshlangʻich alifni oʻrgatgan Chustdagi 27- maktab jamoasi. Chirchiq olimpiya zaxiralari sport maktabidagi trenerlari, katta hayot ostonasida saboq olgan Oʻzbekiston jismoniy tarbiya va sport universiteti oʻqituvchi-murabbiylari, tajribali ustozlari Rustam Saidov va Toʻlqin Qilichevlarning, xizmat vazifasini oʻtayotgan Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi jamoasining quvonchu iftixorlarini his etgan holda bundan toʻrt yil muqaddam Rio olimpiadasidan soʻng uning jurnalistlarga bergan intervyusida “Men boks bilan hech qachon shon-shuhrat yoki pul uchun shugʻullanmaganman. Mening maqsadim -boksda tarix yaratish. Dunyoning peshonasiga “Oʻzbek boksi” muhrini shunday bosishki, to abad jahon ringining eng yuksaklariga koʻtarilmoqchi boʻlganlar bizni koʻrib, bilib, his etib tursin. Oʻzbekiston bayrogʻini jahonning har bir burchagidagi oddiy odamlar ham bilsin”, degan soʻzlarini keltirmoqchimiz.
Eng kuchlilar safidamiz
Shukurki, oqqan daryolar oqmasdan qolmas, deganlaridek Oʻzbek sportining yangi-yangi, navqiron avlodlari yetishib kelyapti. Ularni dunyo bilibgina qolmasdan, tan beryapti, tan olyapti. Bugun Murodjoning gʻalabasidan masrurlikni his etayotgan boʻlsak, ertaga uning izidan sobitqadamlik bilan professional boksda oʻz oʻrnini mustahkamlab kelayotgan Qudratullo Abduqahhorov, Aziz Abdugʻofurov, Hasanboy Doʻsmatov, Isroil Madrimov, Fazliddin Gʻoibnazarov, Bektemir Meliqoʻziyev, Shohjahon Ergashev, Olimjon Nazarov, Shahram Gʻiyosov, Ravshan Umurzaqov, Husniddin Poʻlatov, Doston Turdiyev, Abdulaziz Najmiddinov, Javohir Fozilov, Rustam Toʻlaganovlarning muvaffaqiyatlaridan quvonishimiz shubhasiz.
Eʼtiborlisi, ularning har biri dunyo professional boksining turli yoʻnalishlarida oʻz oʻrniga ega boʻlib kelayotgan bokschilardir.
Azizbek Abdugʻofurov Butunjahon boks uyushmasi(WBS) reytingi boʻyicha ikkinchi yengil (76,204 kg) vaznda 2-oʻrinni egallab turibdi. Qudratillo Abduqahhorov boʻlsa, Butunjahon boks tashkiloti (WBO) reytingida yarim oʻrta (-66,68 kg) vaznda 11-oʻrinni band etgan. Ayni vaqtda Qudratillo IBF reytingida 1-, WBC reytingida esa 5-pogʻonada.
Yana bir ahamiyatli holat. 2019-yilgi barcha vazn toifalaridagi eng yaxshi bokschilar reytingida oʻzbekistonlik Qudratillo Abduqahhorov 150 kuchli bokschilar orasida 49-oʻrinda qayd qilindi. Aytish lozimki, shu paytgacha professional boksning eng kuchlilari safida biron bir oʻzbekistonlik joy olmagan edi.
Yoshlarimizga katta ibrat va shijoat namunasini koʻrsatib kelayotgan, jonajon Vatanimizning shon-shuhratini xalqaro maydonlarda yana-da yuksaltirish yoʻlida fidokorlik koʻrsatayotgan sportchilarimizning gʻalabali odimlari bardavom boʻlajak.