Dunyo mamlakatlari tajribasi raqamlarda: Oliy ma’lumot yuqori maosh kafolatimi?
Oliy ta’lim muassasasi diplomiga ega bo‘lish bugungi mehnat bozorida nafaqat bilim va kasbiy salohiyat ko‘rsatkichi, balki yuqoriroq daromad, kengroq imkoniyatlar va barqaror kelajak sari ochiladigan muhim eshiklardan biridir.
Tabiiyki, yoshlar va ota-onalarni oliy ta’lim bilan bog‘liq bir savol ko‘proq qiziqtiradi. OTM diplomi haqiqatan ham yuqori maosh kafolatini beradimi? Dunyo mamlakatlari tajribasi bu savolga bir xil javob bermaydi. Ayrim davlatlarda oliy ma’lumotli mutaxassislar daromadi o‘rta ma’lumotlilarga nisbatan bir necha barobar yuqori bo‘lsa, boshqa mamlakatlarda bu farq ancha kam. Xalqaro tahlillar asosida “Naked science“ onlayn nashrida berilgan quyidagi ma’lumotlar aynan mazkur savollarga oydinlik kiritadi.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tashabbusi bilan 38 ta mamlakatda yashovchi 25 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan, to‘liq ish kuni va yil davomida ishlaydigan xodimlarga oid ma’lumotlar asosida tahlil o‘tkazildi. Bunda oliy ma’lumot deganda bakalavr, magistr va doktorlik darajalari nazarda tutilgan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, 35 ta mamlakatda oliy ma’lumotli xodimlar o‘rta ma’lumotga ega insonlarga nisbatan o‘rtacha 54 foiz ko‘proq maosh oladi.
Biroq ayrim mamlakatlarda bu tafovut ancha yuqori. Masalan, Janubiy Afrika Respublikasida oliy ma’lumotga ega xodimning ish haqi o‘rta ma’lumotli xodimga nisbatan o‘rtacha 205,8 foizga yuqori hisoblanadi. Bu tadqiqotdagi eng katta ko‘rsatkichdir.
Kolumbiyada oliy ma’lumotli xodimlar o‘rta ma’lumotlilarga nisbatan 149,8 foiz, Braziliyada 137,6 foiz, Chilida esa 106,4 foiz ko‘proq daromad oladi.

Oliy ma’lumotlilikning ish haqiga ta’siri bir qator Yevropa mamlakatlarida ham yuqori. Xususan, Kosta-Rikada bu ko‘rsatkich 93,2 foizni, Vengriyada 76,4 foizni, Portugaliyada 75,4 foizni tashkil etadi. Peruda 75 foiz, Bolgariyada esa 74,01 foizga teng.
AQSHda ham oliy ma’lumotli xodimlar o‘rta ma’lumotga ega ishchilarga qaraganda o‘rtacha 69,8 foiz ko‘proq maosh oladi.
Qizig‘i shundaki, ayrim rivojlangan mamlakatlarda oliy ma’lumot diplom va o‘rta ma’lumot diplomli xodim ish haqi o‘rtasidagi tafovut nisbatan kam. Masalan, Norvegiyada oliy ma’lumotli xodimlar o‘rta ma’lumotlilarga nisbatan 17 foiz ko‘proq oylik oladi. Daniyada bu farq 22,5 foiz, Shvetsiyada 25,2 foiz, Janubiy Koreyada esa 30,3 foizni tashkil etadi.
Bu raqamlar oliy ma’lumotning iqtisodiy qiymati mamlakatlar mehnat bozori, ish haqi tizimi va malakali mutaxassislarga bo‘lgan talabga qarab o‘zgarishini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, oliy ma’lumotlilik bugungi mehnat bozorida nafaqat bilim va kasbiy salohiyat ko‘rsatkichi, balki yuqoriroq daromad, kengroq imkoniyatlar uchun qo‘yilgan poydevor hisoblanadi.
Dunyo tajribasi ham oliy ma’lumotli insonlar ko‘plab mamlakatlarda o‘rta ma’lumotlilarga nisbatan sezilarli darajada ko‘proq daromad topishini ko‘rsatmoqda. Biroq diplomning o‘zi yuqori maosh uchun kafolat bo‘la olmaydi. Yuqori daromadning zamirida nafaqat o‘zlashtirilgan ta’lim, balki o‘sha bilimni amaliyotda qo‘llay olish, o‘zgaruvchan sharoitlarga moslashish va doimiy intilish turadi.
Zuhra MIRZABOEVA, O‘zA