Dublsiz olingan fotosuratlar
O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zalida O‘zbekistonning birinchi ayol fotoreportyori Dina Xojayevaning “Dublsiz olingan fotosuratlar” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qayd etilganidek, Dina Xojayeva o‘zbek xalqining tarixiy, madaniy va ijtimoiy hayotini betakror suratlar orqali yorita olgan ijodkor hisoblanadi. Ijodkor yoshlik yillarini fotografiya san’ati olamida o‘tkazdi. Mashhur fotorassom Maks Penson oilasida o‘sib ulg‘aygan Dina, suratga olishning har bir sir-asrorini yaqin kuzatib, chuqur bilim va muhabbat bilan o‘rgandi. Ularning uyida doimiy ravishda yetuk san’atkorlar, ijodkorlar va mutaxassislar to‘planib, san’at, kamera va kompozitsiya haqida jonli suhbatlar olib borar edi.


Shuningdek, Dina Xojayeva O‘zbekiston televideniyesida 30 yildan ortiq faoliyat yuritib, millatimizning yetuk san’atkorlari, yozuvchilari, olimlari va davlat arboblarini dunyoga tanituvchi suratlarni yaratdi. Uning ijodiy merosi – millatimizning ma’naviy boyligi va ulug‘vorligining yorqin ifodasi.


Dina Xojayevaning ijodi yuksak samimiylik, nozik badiiy did va milliy ruh bilan ajralib turadi. Uning suratlarida o‘zbek xalqining betakror go‘zalligi, azaliy qadriyatlari va mustahkam g‘ururi jonli aks etadi.
Ko‘rgazma joriy yilning 15 iyuligacha davom etadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA