Do‘stlik va hamjihatlik tarannum etildi
Jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhitini va ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi U. Yusupov hamda Sirdaryo tumanining Ishonch va Yangiobod mahallasida "Do‘stlik va hamjihatlik ulug‘langan yurt" shiori ostida bugun o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda millatlararo totuvlik chinakam ifodasini topdi.
Boyovut va Sirdaryo tumanlarida o‘tayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda xalqimizning ming yillik an’analari, azaliy qadriyatlari qatorida millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik xislatlari yanada yaqqolroq namoyon bo‘ldi.
Boyovut va Sirdaryo tumanlarida ham 30 dan ziyod turli millat va elat vakillari o‘zaro tinch-totuv yashab, el-yurt ravnaqi, mamlakat farovonligiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Ularning ta’lim olishi, o‘z qiziqish va layoqati bo‘yicha kasb-hunar egallashi, madaniyat, urf-odat, an’analarini saqlashi hamda rivojlantirishi uchun barcha zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilgan.
[gallery-22559]
Soat 10:00 da boshlangan bayram tadbirlarida mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar ishtirokida milliy o‘yinlar – arqon tortish, besh tosh, chillak, shuningdek, shaxmat va shashka musobaqalari tashkil etilgan bo‘lsa, amaliy san’at va hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari, gilamdo‘zlik, zargarlik, kulolchilik va yog‘och o‘ymakorligi kabi hunarmandchilik ishlarining namoyishlari, kitoblar ko‘rgazmasi, rasmlar chizish tanlovi, turli millatlarning milliy taomlari ko‘rgazmalari hamda konsert dasturlari, oqsoqollarning duolari va ishtirokchilarning shodligi "Do‘stlik va hamjihatlik ulug‘langan yurt" shiori ostida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
– Sirdaryo tumanining Ishonch va Yangiobod mahallasida o‘tkazilayotgan "Millatlar do‘stligi" festivalida Tojik, Rus, Qozoq milliy madaniy markazlari qatori Qirg‘iz milliy madaniy markazi vakillari ham faol ishtirok etyapti, – dedi Qirg‘iz milliy madaniy markazi faoli, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, "Adolat" SDP fraksiyasi a’zosi Nodira Jonibekova. — Rosti, bugun o‘tkazilayotgan bayram barchaga o‘zgacha xursandchilik baxsh etgan. Buni esa, ishtirokchilarning yuzidan, so‘zidan o‘qishingiz mumkin. Bugun o‘tkazilayotgan bayram tadbiriga boshqa ellar va millat vakillari qatorida Qirg‘iz milliy madaniy markazi a’zolari ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rib kelishgan. Eng asosiysi, O‘zbekiston tinchlikni targ‘ib qiladigan, do‘stlik va bag‘rikenglikni tarannum etgan yurt. O‘ylaymanki, mana shunday bayramlar O‘zbekistonga yarashadi.
Nafaqat bugun, balki yil davomida Sirdaryoda milliy-madaniy markazlar bilan hamkorlikda o‘quv yurtlarida, mahallalarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlar, suhbatlar va turli tadbirlar millatlararo hamjihatlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, “O‘zbekiston – umumiy uyimiz”, “Vatan yagonadir, Vatan bittadir”, “Qudratimiz – birlik va hamjihatlikda", "Do‘stlik va hamjihatlik ulug‘langan yurt" kabi shiorlar ostida tashkil etilayotgan festivallar ko‘p millatli voha aholisining chinakam do‘stlik bayramiga aylanib ulgurgan.
Do‘stlikni, hamjihatlikni ulug‘lovchi va madh etuvchi bayram tadbirlari Sirdaryoda davom etyapti.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat),
O‘zA muxbirlari