Do‘stlik, shukronalik, ezgulik shodiyonasi
Mamlakatimizda turli millat va elat vakillarining an’analari, bayramlarini nishonlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
Poytaxtimizda O‘zbekiston koreys milliy madaniyat markazlari assotsiatsiyasi tomonidan «Chusok – 2024» bayrami tashkil etilgani mamlakatimizdagi do‘stlik, birdamlik, ahillik va hamjihatlikning yana bir amaldagi ko‘rinishi bo‘ldi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Chusok yoki ayrim manbalarda «Chxusok» deb ham keltirilib, bu ayyom Koreya Respublikasida kuzgi hosil bayrami, shukronalik, ezgulik, mehr-muruvvat, ona-tabiatga, borliqqa minnatdorlik ayyomi sanaladi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston koreys milliy madaniyat markazlari assotsiatsiyasi raisi Viktor Pak, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon O‘zbekistonda turli millat va elat vakillarining bir oila farzandlaridek ahil va inoqlikda yashashi, o‘z an’ana va urf-odatlarini rivojlantirishi, milliy bayramlarini nishonlashi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi.

Tantanali tadbirda millatlararo totuvlikka hissa qo‘shayotgan bir guruh hamyurtlarimiz O‘zbekiston koreys milliy madaniyat markazlari assotsiatsiyasining medallari bilan taqdirlandi.
Koreyaning betakror musiqa, raqs, qo‘shiqchilik san’atini namoyish etuvchi katta konsert dasturi namoyish etildi. Koreys milliy o‘yinlari, hunarmandchilik san’atining turli yo‘nalishlariga oid mahorat darslari bo‘lib o‘tdi. Bayram davomida ishtirokchilar koreys milliy pazandachilik san’ati bilan ham batafsil tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Koreys va o‘zbek rassomlari ijodi, koreys millati vakillarining yurtimizdan qo‘nim topishi tarixiga oid ko‘rgazmalar bayramga yanada o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
N.Usmonova, O‘zA