“Do‘stlik” festivali oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi (+video)
30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan mamlakatimizda an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Do‘stlik” festivali millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Turli millat va elat vakillarini yagona ezgu maqsad atrofida birlashtiradigan ushbu festival doirasida joriy yil ham qator madaniy-ma’rifiy, ilmiy-amaliy hamda xalqaro tadbirlar tashkil etilmoqda. Shu munosabat bilan Milliy matbuot markazida festival dasturi va uning ahamiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qo‘mita rahbariyati, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari hamda Birodar shaharlar alyansi vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Anjumanda mamlakatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, turli millat va elat vakillari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini rivojlantirish, milliy madaniy markazlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda xalq diplomatiyasini kengaytirishga qaratilgan ishlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, festivalning asosiy maqsad va vazifalari, dastur doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar hamda ularning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Qo‘mita raisi Qahramon Sariyev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni 30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni bilan tabrikladi. U Prezidentimiz tashabbusi bilan har yili tashkil etiladigan “Do‘stlik” festivali yurtimizda qaror topgan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, turli millat va elat vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, ishonch va hamjihatlikni yuksaltirish, shuningdek, xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilayotgan muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon ekanini alohida ta’kidladi.
Anjumanda festival tadbirlariga qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilayotgani qayd etildi. Jumladan, festival doirasida “Do‘stlik ohanglari” konsert dasturi, “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” fotosuratlar ko‘rgazmasi, “Ona zamin bag‘ridan” hunarmandchilik ko‘rgazma-yarmarkasi, “Qardoshlik mushoirasi” ijodiy uchrashuvi, bolalar yozgi oromgohlarida “Do‘stlik bolalikdan boshlanadi” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbirlar hamda “Umummilliy birdamlik – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining harakatlantiruvchi kuchi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etilishi haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, festivalning eng yirik tadbirlaridan biri sanalgan “Birodar shaharlar forumi” haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Unga ko‘ra, mazkur forum 24–25-iyul kunlari Samarqand shahrida birinchi xalqaro forum sifatida o‘tkaziladi. Unda 30 ga yaqin davlatdan 100 ga yaqin xorijiy mehmonlar, olimlar, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga atroflicha javob berildi. Shuningdek, jamiyatda umummilliy hamjihatlik g‘oyalarini targ‘ib qilish va mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh jurnalistlar hamda blogerlar faoliyati e’tirof etilib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/pvkrF5yvDhQ?si=eatUJK5KIsPIyWTp" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
N.Abduvoitov (video), F.Abdurasulov(surat),
O‘zA