“Do‘stlik” festivali – ahillik va hamjihatlik namunasi
Nurafshon shahri markazidagi Amfiteatrda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi hamda 30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan “Do‘stlik” festivalining viloyat bosqichi tantanali tarzda o‘tkazildi.
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” g‘oyasi ostida tashkil etilgan tadbirda Toshkent viloyatining barcha shahar va tumanlaridan kelgan ishtirokchilar, milliy madaniy markazlar vakillari, mehnat faxriylari, yoshlar, volontyorlar, san’atkorlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Festival “Mustaqillik marsh yurishi” bilan boshlanib, unda milliy madaniy markazlar vakillari hamda yoshlar davlat bayroqlari bilan yurish qilib, yurtimizdagi do‘stlik, hamjihatlik va vatanparvarlik g‘oyalarini tarannum etdi.

Amfiteatrda o‘tkazilgan bayram dasturida milliy madaniy markazlarning qo‘shiq va raqs chiqishlari, adabiy-badiiy kompozitsiyalar, xalq amaliy san’ati va hunarmandchilik ko‘rgazmalari, milliy taomlar taqdimotlari namoyish etildi. Turli millat vakillarining boy madaniyati va an’analari bir sahnada uyg‘unlashib, mamlakatimizda qaror topgan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini yana bir bor yorqin namoyon etdi.

Yakunda “Eng yaxshi milliy madaniyat ko‘rgazmasi”, “Eng yaxshi milliy musiqa, ijro va raqs san’ati namoyishi” hamda “Eng faol milliy madaniy markaz” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar munosib taqdirlandi.

Mazkur festival kunlari shahar va tumanlarda “Do‘stlik ohanglari” konsert dasturlari, milliy madaniy markazlar ishtirokida badiiy chiqishlar, “Do‘stlik nigohi” fotoko‘rgazmalari, “Qardoshlik mushoirasi” ijodiy uchrashuvlari, xalq amaliy san’ati va hunarmandchilik namunalari ko‘rgazmalari, milliy taomlar taqdimotlari katta qiziqish bilan o‘tkazildi. Bolalar yozgi oromgohlarida “Do‘stlik bolalikdan boshlanadi” mavzusida bo‘lib o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar esa yosh avlod qalbida vatanparvarlik, bag‘rikenglik va millatlararo hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Hozir Toshkent viloyatida 31 ta milliy madaniy markaz ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan 9 tasi viloyat tashkiloti sifatida, qolganlari esa tuman va shahar bo‘limlari shaklida faoliyat yuritmoqda. Milliy madaniy markazlar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Nurafshon shahridagi “NNT va Do‘stlik uyi”da esa tojik, qozoq, qirg‘iz, turkman, ozarbayjon, koreys, uyg‘ur va rus milliy madaniy markazlarining viloyat tashkilotlari uchun alohida xizmat xonalari ajratilgan.
A.Musayev, O‘zA.