«Do‘stlik» bog‘i taqdiri nima bo‘ladi?
Poytaxtimizda joylashgan sobiq Bobur – hozirgi «Do‘stlik» bog‘ining taqdiri ko‘plab muzokaralarga sabab bo‘layotgan edi.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari – Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Furqat Mahmudxo‘jayev va Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov ishtirokida bog‘ taqdiriga befarq bo‘lmagan faol aholi vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, bog‘ o‘tgan yillar davomida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi balansida bo‘lib, investor topilguniga qadar yopiq va tashlandiq holda bo‘lgan.
Chiqindilarni yig‘ish va daraxtlarni sug‘orish bilan bu ishga befarq bo‘lmagan ko‘ngillilar, obodonlashtirish boshqarmasi shug‘ullangan. So‘ngra bog‘ investorga topshirilayotgani haqida xabar tarqaldi. Hozir bog‘ shahar hokimligiga qaytarildi.
Toshkent shahar hokimi tomonidan aholi bilan maslahatlashgan holda mazkur bog‘ yuzasidan barcha takliflarni umumlashtirib, rekonstruksiya ishlarini boshlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Uchrashuvda Yakkasaroy tumani hokimi barchaga o‘z istaklarini bildirishni taklif qildi. Aholi tomonidan «Do‘stlik» bog‘iga qo‘shimcha daraxtlar ekish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini kengaytirish, bunda velosiped va sayr uchun yo‘laklar, o‘rindiqlar, favvoralar, sport maydonchalari qurishga asosiy ahamiyat qaratish takliflari berildi.
Shuningdek, qayiqlar mavjud ko‘l, skeyt va roliklar uchun hudud, shaxmat, kutubxona, bolalar uchun to‘garaklar, ularga bepul kirish imkoniyati, nogironlar uchun yanada qulay sharoit yaratish lozimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida takliflarni to‘plash uchun ijtimoiy tarmoqlarda guruhlar tashkil qilish hamda ularni umumlashtirish uchun besh kishidan iborat tashabbuskor guruhni tuzishga kelishildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA